Jamiyat | 13:26 / 24.05.2018
46463
6 daqiqa o‘qiladi

Korxonasi buzilish arafasida turgan tadbirkorning yagona umidi Prezidentdan

Shu yilning 18 aprel kuni KUN.UZ saytida “Shifoxona ta'mirlanishi sabab Jahon bankidan kredit olgan firma bankrot bo‘lishi mumkin” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Shifoxona ta'mirlanishi sabab Jahon bankidan kredit olgan firma bankrot bo‘lishi mumkin

Unda Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 35-A uy manzilida joylashgan “Ravshan Yodik Production” MChJ karton qutilari, plyonka mahsulotlari va granulalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan firma bino va inshootlari, Toshkent Ruhiy kasalliklar shifoxonasi ta'mirlanishi sababli buzilishga tushgani, uning o‘rnida avtoturargoh barpo etish rejalashtirilgani, firmaning Jahon va Osiyo taraqqiyot bankidan yirik miqdorda kredit olgani, mazkur kredit kafolati sifatida ushbu ishlab chiqarish maydoni kafolatga qo‘yilgani va firma duch kelayotgan boshqa muammolar haqida yozilgan edi. 

Bundan tashqari, tadbirkorga ishlab chiqarishini boshqa joyga ko‘chirish taklif etilgan bo‘lsa-da, tayinli bino yoki maydon taqdim etilmagani, ko‘chish xarajatlari kim tomonida qoplanishi ochiq qolgani ham ta'kidlangandi. 

Biz maqola e'lon qilinganidan so‘ng o‘tgan 1 oydan ortiq vaqt mobaynida nima o‘zgarganini bilish maqsadida “Ravshan Yodik Production” MChJ direktori Rustam Bo‘riyev bilan telefon orqali bog‘landik.

Rustam Bo‘riyevning ma'lum qilishicha, maqola e'lon qilinganidan keyin, unda qayd etilgan ma'lumotlar mutasaddi rahbarlar tomonidan joyiga kelgan holda tegishlicha o‘rganilib, xulosalar berilgan. 

Bundan tashqari, maqola e'lon qilinmasdan avvalroq, ya'ni 2018 yil 12 aprel kuni Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda respublika Bosh prokurori, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etgan.  

Ayni yig‘ilish bayonining 21-bandi biz yoritgan mavzuga doir bo‘lib, unda “Toshkent shahar hokimligi (Ortiqxo‘jayev) bir hafta muddatda: “Ravshan Yodik Production” MChJ tomonidan ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirayotganligi, qo‘shimcha 100ta ish o‘rni yaratayotganligini inobatga olib.yu Mirobod tumanida joylashgan ishlab chiqarish binosini buzish va o‘rniga avtoturargoh qurish to‘g‘risidagi qarori qayta ko‘rib chiqilsin va ushbu avtoturargohni yaqin atrofdagi boshqa joyga qurishni belgilash inobatga olinsin”, - deyiladi. 

Ammo Rustam Bo‘riyevning aytishicha, oradan belgilangan bir hafta emas, salkam bir yarim oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, sobiq hokim Rahmonbek Usmonovning 2018 yil 28 fevraldagi 332-son qarori bekor qilinmagan, ya'ni shahar hokimining yangi qarori hamon qabul qilinmagan. Toshkent shahar va Mirobod tuman hokimliklarining ayrim mutasaddi rahbarlari esa, garchi masalaning mohiyati hamda korxona buzilishiga doir qarorni bekor qilish bo‘yicha Bosh vazirning bevosita topshirig‘i bo‘lishiga qaramay, buzishga doir qarorni ro‘kach qilgan holda, korxonani buzishni talab qilib kelmoqda. 

Bosh vazir rahbarligida o‘tkazilgan majlisda berilgan topshiriq Bosh prokuraturaning “Ravshan Yodik Production” MChJ rahbari R.Bo‘riyev murojaatiga javoban 2018 yil 15 may kuni yo‘llagan 10.5/-8-18-412 sonli maktubida ham qayd etilgan bo‘lib, “korxona o‘rnida avtoturargoh qurish to‘g‘risidagi qaror qayta ko‘rib chiqilishi va ushbu avtoturargohni yaqin atrofdagi boshqa joyga qurishni belgilash yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga topshiriq berilgan”i ta'kidlanadi. 

Xullas, R.Bo‘riyevning bildirishicha, garchi Bosh vazir, Bosh prokuratura va Savdo-sanoat palatasi ham tadbirkor manfaatlarini himoya qilib turgan bo‘lsa-da, quyi instansiyadagi ayrim mutasaddilar bu narsani jiddiy baholashmayapti va o‘z bilganlaridan qolishmayapti. “Ular korxona buzilishi kerakligini uqdirishda davom etayotgani, korxonam duch kelgan muammoni ijobiy hal etishda aniq chora ko‘rilmayotgani tufayli, endi mening yagona umidim Prezident Shavkat Mirziyoyevdan”, - dedi Rustam Bo‘riyev biz bilan muloqotda.

Xullas, shaharda o‘z biznesini rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya muassasalaridan ham kredit olgan tadbirkorning taqdiri qil ustida turibdi. Axir ishsizlik muammosini hal davlat darajasiga ko‘tarilgan bir vaqtda 50dan ortiq fuqaroni doimiy ish bilan ta'minlab turgan tayyor korxonani buzib, o‘rnida avtoturargoh barpo etilishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?! Nahotki, “korxonani buzasan”, deyayotganlar bu narsani anglamayotgan bo‘lishsa? Yoki butun boshli yirik bir davlatning Bosh vaziri o‘zi bergan har bir topshirig‘i qanday bajarilganini izma-iz nazorat qilib yurishi kerakmi? Unda mahalliy hokimiyat idoralarida ishlayotgan va davlat ishonib lavozim hamda mansab berib qo‘yganlarga na hojat?

KUN.UZ umid qiladiki, muammo ijobiy yechim topganiga doir xabar bilan bu mavzuga yana qaytadi. 

Tolib Rahmatov

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid