Sport | 12:40 / 25.05.2018
9783
18 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Janubiy Koreya

JANUBIY KOReYa
Mustaqilligi: 15 avgust 1945
Boshqaruv shakli: Prezident respublikasi
Poytaxti: Seul
Aholisi: 51.7 million (28-o‘rinda)
Pul birligi: Vona

JANUBIY KOReYa TeRMA JAMOASI
Libosi: Qizil-ko‘k
Laqabi: Osiyo yo‘lbarslari, Jangchilar
Konfederatsiya: OFK
Federatsiya: Koreya Futbol Assotsiatsiyasi
Osiyo chempioni – 1956, 1960
Jahon chempionati: 4-o‘rin (2002) 
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p o‘yin -  Xon Myon Bo (135)
Eng ko‘p gol kiritgan futbolchi – Chan Bom Gin (55)
Ilk o‘yin: 1948 yil, 2 avgust. Meksika – 5:3
Eng yirik g‘alaba: 2003 yil 29 sentabr. Nepal – 16:0
Eng yirik mag‘lubiyat: 1948 yil. 5 avgust. Shvetsiya – 0:12

Janubiy Koreya terma jamoasini bemalol Osiyoning eng mashhur termasi deb atashimiz mumkin. Chunki, koreyslar jahon chempionatlarida eng ko‘p marta qit'a sharafini himoya qilishgan, shuningdek, Osiyo jamoalariga tegishli eng yaxshi ko‘rsatkich – yarim finalda o‘ynash ham ushbu o‘lka vakillariga nasib etgan. Ammo afsuski qit'amiz o‘lchovlarida «eng» so‘zini qanchalik ko‘p ishlatmaylik, jahon futboli boshqalarning ortidan ergashadi va janublik koreyslar ham futbol olamida nari borsa o‘rtamiyona, bunga ham so‘nggi yillardagi keskin rivojlanish natijasida erishildi, deb aytishimiz mumkin.

Janubiy Koreyaning ilk mundiali 1954 yilga, Shveytsariyada o‘tgan jahon chempionatiga to‘g‘ri kelgan. Debyut o‘ta sharmandali yakun topgan. Pushkashi-yu Kochishlari bor Vengriya terma jamoasiga qarshi kechgan birinchi turda hisob 9:0 hisobida yevropaliklar foydasiga hal bo‘ldi.

Foto: football-online.ru

Uch kun o‘tib sharmandalik biroz bo‘lsa-da, izohini topgandek edi, chunki keyingi turda vengerlar maydon egalari GFR darvozasiga ham sakkizta to‘p yo‘llashning uddasidan chiqa olishgandi. Ammo bu hech narsani anglatmas ekan, narigi stadionda endi o‘sha paytlarda autsayder sanalgan turklar qit'adoshlarimiz darvozasiga javobsiz yettita to‘p yo‘llayotgan edi. 

Shu bo‘yi «qahramonlarimiz» mundiallarga bormay qo‘ydi. Angliya-66 da barchani hayron qoldirgan shimollik raqiblarining muvaffaqiyatlarini ham chetdan kuzatishga mahkum bo‘lishgandi. 1986 yilda Meksikada o‘tgan jahon chempionatidagina «qaytgan» Janubiy Koreya shu kungacha mundiallarning uzluksiz qatnashchisi hisoblanib kelmoqda. Meksika va Italiyadagi jahon chempionatlarida Koreya u qadar o‘zini ko‘rsata olmadi, birinchisida faqat bolgarlar bilan durang esda qolarli bo‘lsa, italiyada Urugvay, Ispaniya va Belgiya jamoalariga imkoniyatni boy berdi va guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi. 

AQSh-94 da esa nafaqat Koreya, umuman Osiyo futboli kuchayib borayotganidan darak bera boshladi. Shu paytgacha faqat guruhda so‘nggi o‘rinni rasmiylashtirish uchungina kelib-ketadigan qit'adoshlarimiz barchani hayrat ko‘chasiga olib kira boshlashdi. Narigi guruhda Saudiya Arabistoni Marokashu Belgiyani yengib, pley-offga chiqqan bo‘lsa, Janubiy Koreya ham yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Asosiysi koreyslarga xos iroda va tezkorlikning namunasini ko‘rsatdilar.

Birinchi tur Ispaniya terma jamoasiga qarshi kechdi va ispanlar ikkinchi bo‘lim boshlarida ikki to‘p kiritib, barcha masalani hal qilgandek edi. Ammo so‘nggi daqiqalar koreyslarning aql bovar qilmas ustunligida o‘tdi, jamoa butun maydon bo‘ylab tashabbus ko‘rsata boshladi va haqli ravishda ikkita gol bilan mukofotlandi.

Foto: football-pitch.ru

Boliviyaga qarshi ikkinchi turda ham ishonchli to‘p surgan Janubiy Koreya duranggga imzo chekdi va so‘nggi turda, jahon chempionlari Germaniyaga qarshi uchrashuv oldidan guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab turgandi. Nemislar birinchi bo‘limdayoq uchta to‘p kiritdi va go‘yoki o‘yinni yakunladilar, ammo... ikkinchi bo‘limni shiddat bilan boshlagan koreyaliklar Ispaniya bilan bo‘lgan hodisa tasodif emasligini isbotlay boshladi, jamoa ikkinchi bo‘limning ilk daqiqalarida ikkita to‘p kiritdi, o‘yin oxirigacha nemislarga umuman o‘yin berilmadi. Biroz «qarib» qolgan jahon chempionlari Matteus, Klinsmann va boshqalarning to‘pni egallash ilinjida hech kim tanimaydigan koreyslar ortidan yugurishganini, himoyachilarning esa imkon qadar to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishga harakat qilganini yozib tushuntirib bo‘lmaydi. Buni faqat ko‘rish kerak. Xullas, Janubiy Koreya bu safar guruhda ikki ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi va pley-offga chiqa olmadi, ammo muxlislarda katta taassurot qoldirishdi. 

Fransiyada o‘tgan keyingi mundialda koreyslar yana guruhda qolib ketishdi. Turnir, aniqrog‘i birinchi o‘yin qit'adoshlarimiz uchun ancha omadli boshlangandi, Meksika bilan o‘yinda Xa Sok Chu hisobni ochdi va birinchi bo‘lim osiyoliklar foydasiga hal bo‘ldi. Ammo ikkinchi bo‘limni hujumkor o‘tkazgan Meksika uchta to‘p kiritishning uddasidan chiqdi. (O‘zi umuman o‘sha guruhda Meksika o‘z irodasini ajoyib shaklda namoyish qila olgandi. Masalan keyingi turlarda ular Belgiyadan ham, Gollandiyadan ham 0:2 hisobida boy berayotgan holatda hisobni tenglashtira olgandilar). Keyingi o‘yin Gollandiyaga yirik – 0:5 hisobida boy berildi, guruhdagi so‘nggi uchrashuvda esa Belgiya bilan durang qayd etildi va yana guruhda so‘nggi o‘rin. 

Foto: GettyImages

Oldinda koreyaliklar mezbonlik qiladigan navbatdagi mundial kutib turardi. Yaponiya bilan birgalikda qabul qilingan yangi asrning ilk jahon chempionati oldidan ko‘pchilik koreyslardan ko‘ra yaponlarning imkoniyatlarini yuqori baholashgandi. 

Birinchi o‘yinda Polsha ustidan g‘alabaning o‘zi ba'zilar tomonidan kutilmagan deb baholangan bo‘lsa, haqiqiy syurprizlar oldinda kutib turardi. An Jun Xvan AQSh bilan o‘yinni qutqarib qoldi (1:1) va so‘nggi tur oldidan to‘rt ochko to‘plagan mezbonlarning Portugaliyadan mag‘lub bo‘lishga haqlari yo‘q edi, hatto durang ham to‘plar nisbatiga ko‘ra portugallarga imkon berishi aniq edi. Ammo birinchi sensatsiya aynan o‘sha kuni, ellik mingdan oshiq muxlis ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi, Pak Chi Yon o‘yin tugashiga 20 daqiqa vaqt qolganda Vitor Baya darvozasini ishg‘ol qildi va Portugaliya guruh bosqichidan musobaqani tark etadigan bo‘ldi.

Koreya guruh peshqadami sifatida nimchorak final ishtirokchisiga aylandi, lekin raqib Italiya bo‘lgach, hatto mahalliy muxlislar ham katta narsa kutmagan bo‘lishlari tabiiy. O‘yinning beshinchi daqiqasidayoq belgilangan penalti An Jun Xvan tomonidan golga aylantirilmagach, keyingi tasodifni kutishdan boshqa chora yo‘qdek edi. Hammasi o‘z o‘rniga tushdi, odatiy ravishda guruhdan zo‘rg‘a chiqib olgan Italiya odatiy ravishda 1:0 hisobida oldinda borayotgandi. Go‘yoki hech narsadan darak yo‘q, to‘p asosan Italiya futbolchilarida, onda-sonda mezbonlarning xavfli qarshi hujumlari bo‘lib turibdi. O‘yin tugashiga ikki daqiqa qolganda, o‘yin tugashiga yana o‘ttiz daqiqa qolgani ma'lum qilindi. Seul Ki Xon jarima maydonida to‘pni qabul qilib oldi va darvozabon uchun noqulay zarbani ijro etdi – 1:1

«Cho‘ntakdagi g‘alaba uchun» yana ter to‘kishlariga to‘g‘ri kelishini his qilgan italiyaliklar asabiylasha boshladilar. Viyerining goli hakam tomonidan inobatga olinmagach, buning ustiga Totti simulatsiya uchun ikkinchi sariq kartochkaga loyiq ko‘rilgach, koreyslar to‘laqonli ham ruhiy, ham o‘yin borasida tashabbusga ega bo‘ldilar. Bu o‘z samarasini berdi, 117-daqiqada o‘sha An Jun Xvan boshi bilan g‘alaba to‘pini kiritdi. Bu gol nafaqat italiyaliklarga, hatto futbolchining o‘ziga ham qimmatga tushganligini yaxshi bilamiz. «Perudja» jamoasi bu gol uchun hujumchisini kechirmadi va uning shartnomasini bekor qildi, 26 yoshli An Jun Xvan Koreyaga qaytishga majbur bo‘ldi.

Foto: talksport.com

Chorak finalda Ispaniya raqib bo‘ldi. Yana bir unutilmas uchrashuv, misrlik Gamal Al Xandurning xurmacha qiliqlari, ispanlarning ikkita sof golining hisobga olinmasligi va o‘yindan keyingi penaltilar seriyasi Osiyo vakilini tarixda birinchi marotaba yarim final ishtirokchisiga aylantirdi. Penaltilar seriyasidagi besh zarbaning barchasini koreyslar aniq amalga oshirdilar, Xoakin Sanches esa darvozabonnni alday olmadi.

Foto: GettyImages

To‘g‘ri, bu masalaga turlicha qarash mumkin, kimdir koreyaliklarning o‘sha muvaffaqiyatlari zamirida hakamni ko‘radi, kimdir Ispaniya va Italiyaning o‘zidan ayb qidiradi. Menimcha, bu masalaga o‘rtaroqdan qaragan afzal. To‘g‘ri, balki yevropaliklar keyingi bosqichga yaqinroq turgandir, ammo Koreyaning muvaffaqiyatiga soya solish ham kerak emas. Koreya yarim finalga mos emasdir, ammo jamoaning ajoyib o‘yin ko‘rsatganligini ta'kidlamaslik mumkin emas. Hiddinkning yutug‘i, uning jamoasi o‘sha Italiya, o‘sha Ispaniya bilan hakam yoki omad hal qiladigan darajada o‘yin ko‘rsatganliklarida edi. Osiyo jamoalaring oldingi chempionatlardagi qatnashuvini kuzatgan muxlis buning oson ish emasligini anglay oladi.

Uyog‘iga koreyslarning kuchi yetmadi. Pley-offdagi barcha o‘yinlarni 1:0 hisobida yutib kelayotgan Germaniya bu safar ham o‘z bilganidan qolmadi, mezbonlarni yengish bo‘yicha mutaxassis Turkiya esa Yaponiyadan keyin, uchinchi o‘rin uchun bahsda koreyslarni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘sha uchrashuvda Hoqon Shukur tomonidan jahon chempionatlari tarixidagi eng tezkor gol kiritilgandi.

JCh-2006 da Janubiy Koreya munosib qatnashdi. Turnir Togo ustidan g‘alaba bilan boshlandi va Fransiya bilan durangga imzo chekildi. So‘nggi turda Shveytsariya ustidan g‘alaba terma jamoani nimchorakka olib chiqardi, ammo o‘yin 2:0 hisobida raqib foydasiga hal bo‘ldi va Koreya to‘rt ochko bilan guruhda qolib ketdi.

Foto: GettyImages

JARda o‘tgan mundialda koreyaliklar nihoyat guruh bosqichini muvaffaqiyatli o‘tishning uddasidan chiqishdi. Argentina, Gretsiya va Nigeriya bilan bir guruhda joylashgan qit'adoshlarimiz ikkinchi o‘rinni olishdi. Urugvayga qarshi o‘tgan nimchorak finalda ham Koreya juda munosib qarshilik ko‘rsatgandi, ammo o‘yin oxirlaridan urugvayliklar g‘alaba golini urdilar – 2:1. 

Foto: Zimbio

Braziliyada o‘tgan chempionat Osiyo terma jamoalari uchun eng omadsizlardan biri sifatida tarixga kirdi. To‘rt terma jamoa 12 o‘yinda hammasi bo‘lib 3 durang o‘ynadi xolos. 9 o‘yinda imkoniyat boy berildi va to‘rt terma jamoa o‘z guruhlarida so‘nggi o‘rinni band etdi. O‘sha uch durangdan bittasini Janubiy Koreya Rossiyaga qarshi o‘yinda o‘ynadi. Jazoir va Belgiyaga qarshi o‘yinlarda koreyslar mag‘lubiyatga uchradi.

talksport.com

Hozirgi Koreya
Aytish mumkinki, so‘nggi ikki siklda Janubiy Koreya terma jamoasi o‘yinida pasayish ko‘zga tashlanmoqda. Odatda, Osiyo mintaqasida u qadar muammolarga uchramaydigan koreyslar oxirgi saralashlarda faqat so‘nggi o‘yinda yo‘llanma masalasini hal qila olishmoqda, xolos. Qizig‘i, har ikki safar ham koreyslarning asosiy raqibi O‘zbekiston terma jamoasi bo‘lgandi. Tafsilotlar hammamizning yodimizda bo‘lgani uchun to‘xtalmaymiz.

Foto: Zimbio

Aynan saralash o‘yinlarida ishonchsizlik tufayli, ikkinchi marta ham koreyslar final bosqichi oldidan murabbiyni almashtirishga majbur bo‘lmoqda. O‘tgan yilning iyunida bir qator omadsiz natijalardan so‘ng Uli Shtilike iste'foga chiqarildi va uning o‘rnini Koreya olimpiya terma jamoasi murabbiyi Sin Te Yon egalladi. Te Yon jamoa natijalarini tubdan o‘zgartira olmadi, uning boshchiligidagi keyingi 2 o‘yin bir xil – 0:0 hisobida tugadi. Ammo shu ham koreyslarga guruhda ikkinchi o‘rinni olib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlariga kifoya qildi. 

Foto: Sputnik

Terma jamoa asosan milliy chempionatda to‘p suradigan futbolchilardan tuzilgan. Albatta, har bir chiziqda Yevropa maydonlarida tajriba to‘plagan nomlarni ham uchratishimiz mumkin. 

Jamoa sardori olti yildan buyon APLda muntazam to‘p surib kelayotgan, «Suonsi»ning ham yetakchi futbolchisi sanaladigan Ki Son Yondir. U mundialda terma jamoa safida o‘zining yuzinchi uchrashuvini ham o‘tkazishi mumkin va bu borada bugungi tarkibda eng tajribali sanaladi. Maydon markazini boshqaradigan va kerak paytda jarima maydoni ichida ham xavf tug‘dira oladigan futbolchilardan biridir. 

Foto: BBC

Yorqin yulduz deganda esa, xayolimizga avvalo, Son Xon Min keladi. 25 yoshli futbolchi «Tottenhem» safida juda yaxshi mavsum o‘tkazdi va APLda ham, Chempionlar Ligasida ham o‘zini ko‘rsata oldi. Chap qanotdan hujumlarni rivojlantirish va jarima maydoni ichida vaziyatlar yaratish asosan mana shu futbolchiga yuklatiladi. Umuman, yarim himoya Koreyaning eng kuchli chizig‘idir. «Ausburg» tarkibida o‘ynayotgan Ku Ja Chol, «Kristal Pelas» a'zosi Li Chon Yon kabi futbolchilarni hech qanday raqib bilan qo‘rqitib bo‘lmasligi shubhasiz.   

E'tibor berish lozim: LI SUN VU

Foto: talksport.com

Ushbu futbolchi hali biror marta ham terma jamoa safida to‘p surmagan, bu debyut aynan Rossiya maydonlarida yuz bersa ajab emas. Albatta, Li Sun e'tiborga molik futbolchi. 

U 1998 yilda tug‘ilgan va «Inchxon Yunayted» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2011 yilda, 13 yoshida u «Barselona» skautlari nigohiga tushdi va «La Masiya»ga qabul qilindi. Kataloniyada o‘tgan 6 yil futbolchining shakllanishidi juda muhim ahamiyat kasb etgani shubhasiz. 

Li Sun 2017 yilda Italiya A Seriyasi vakili «Verona»ga 1,5 million yevro evaziga transfer qilindi. Lekin 2019 yilda futbolchini qaytib sotib olish huquqini «Barselona» o‘zida saqlab qolgan. «Verona» tarkibida 20 yoshli futbolchi 14 o‘yinda maydonga tushishga ulgurdi va hatto «Milan» darvozasiga gol ham urdi. 

Koreyaning turli yoshdagi terma jamoalarida ham Li Sun juda faol. O‘smirlar terma jamoasi 18 o‘yinda 13, yoshlar tarkibida esa, 16 o‘yinda 7 gol muallifi bo‘lgan. 

Qahramonimiz xuddi Son Xon Min kabi chap qanot hujumchisi sifatida o‘ynaydi. Lekin agar murabbiy boshqa variantlarni sinab ko‘rmoqchi bo‘lsa yoki hujum chizig‘ida yangi va tezkor kuchlar lozim bo‘lsa, yosh futbolchiga tayanishi tabiiy. Qaysidir ma'noda, ushbu mundial Li Sun Vuni dunyoga tanitishi mumkin. 

JCh-2018
Janubiy Koreya Rossiyada juda qiyin guruhga tushdi deyish mumkin. Jahon chempionlari Germaniyadan tashqari, Shvetsiya va Meksika terma jamoalari pley-off yo‘llanmasi uchun raqobat qiladi. 

Dastlabki o‘yin 18 iyun kuni Shvetsiyaga qarshi Nijniy Novgorodda bo‘ladi. 2-turni koreyslar Rostovda 23 iyun kuni o‘tkazadilar. Bu safargi raqib Meksika terma jamoasi bo‘ladi. Oxirgi tur esa, Koreya uchun begona bo‘lmagan azaliy raqib – Germaniyaga qarshi 27 iyun kuni Qozonda o‘tkaziladi. 

Qahramon ASLANOV

Mavzuga oid