Jamiyat | 22:17 / 27.05.2018
33244
7 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Hokimlik va IIB nega fuqaroga o‘z qonuniy mulkini olishga to‘sqinlik qilmoqda?

KUN.UZ tahririyatiga kelgan murojaat ortidan Andijon viloyati, Xonobod shahri tomon yo‘l oldik. O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, mazkur muammo bugun paydo bo‘lmagan va yechimi ham murakkab emas. Faqat Xonobod shahar hokimi va mutasaddilari vaziyatga oqilona yondashib harakat qilsalar bo‘lgani ekan.    

Muammoning boshlanishi

Toshkent shahar xo‘jalik sudining 2014 yil 14 sentabr kungi 10-1618/14799 sonli sud hal qiluv qarori bilan Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan Andijon viloyati, Xonobod shahar “Koinot” ko‘chasi 41-manzilda joylashgan “Xonobod broyler” MChJ bankrot deb e'tirof etilib, tugatishga doir yurituv boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq, qarzdorga tegishli bo‘lgan ko‘char mol-mulklar “Universal auksion invest” MChJ tomonidan 2017 yil 13 yanvar kuni o‘tkazilgan ochiq auksion savdolar orqali sotilgan.

Azizbek Turg‘unov va boshqalar 2017 yil 13 yanvar kuni Toshkent shahar xo‘jalik sudining hal qiluv qaroriga asosan bankrot, deb e'tirof etilgan “Xonobod broyler” mas'uliyati cheklangan jamiyatining ko‘char mol-mulklarini auksionda sotib oladi.

Bir qarashda hammasi oydin: bankrot bo‘lgan tashkilotga tegishli mol-mulk kimoshdi savdosida sotildi va endi uni sotib olgan fuqaro o‘sha qonuniy sotib olingan ma'lum qiymatga ega mulkni olib chiqib ketishi kerak. Lekin unday bo‘lmadi...

Sotib olganlar bilan hokimlik va IIB o‘rtasidagi kelishmovchilik

Tashkilot bankrotga uchrab, mulklari sotib bo‘lingach, maydonga tuman hokimligi chiqib keladi. Ularning fikriga ko‘ra, auksionda sotilgan mulk, ya'ni elektr kommunikatsiya uskunalari juda arzon narxda sotilgan va agar o‘sha mulk olib chiqib ketilsa, “Fozilmon naslli parranda” kompleksida ijarada faoliyat yuritayotgan “Andijon parranda invest” tomonidan yetishtirilayotgan parrandalar va inkubatordagi jo‘jalarga zarar yetkaziladi. Holbuki, “Xonobod broyler” tugatish sudi boshqaruvchisi tomonidan mulk sotishdan oldin kompleksdagi jamiyatlarga: “O‘zlaring sotib olinglar”, deya ko‘p bora ogohlantirish berilgan va mulk auksionda sotilmay 6 oy davomida turgan.

- Auksionda sotilgan mol-mulklar Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Fozilmon naslli parranda” MChJ hududida joylashgan bo‘lib, mazkur mol-mulklarni tadbirkorning tashib olib chiqib ketishiga Xonobod shahar hokimligi va tuman IIB mansabdor shaxslari tomonidan noqonuniy ravishda to‘sqinlik qilib kelinmoqda. Ushbu holatga chek qo‘yilishini so‘rab, sotuvchi “Xonobod broyler” MChJ tugatish sud boshqaruvchisining huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga qilgan murojaatlari o‘z samarasini bermayapti, - deydi “Xonobod broyler” jamiyati tugatish boshqaruvchisi Husanboy Teshaboyev.

Yozilgan murojaatlar bir shkafga sig‘adigan, javoblar ham shuncha bo‘ldi. Uzoq yillik tortishuvlardan so‘ng masala 2017 yili avgust oyida Xalqaro press-klubning Andijon shahridagi sayyor anjumanida ham ko‘tarildi. Muammo aytilgach, Xonobod shahar hokimi Musaxon Mamadaliyev umuman tushunarsiz va qonun talablariga to‘g‘ri kelmaydigan javoblarni aytdi va shu bilan hech narsa yana hal bo‘lmay aro yo‘lda qoldi. Fuqaro har safar o‘z mulki uchun kelganida shahar hokimligi va IIB tomonidan noqonuniy qarshilikka uchrayverdi.

Muammoning yechimi qayerda?

Biz tasvirga olish guruhimiz bilan parrandachilik kompleksiga borganimizda 40 gektardan ziyod maydonni egallagan, mahobatli parrandachilik korxonasini ko‘ramiz, deb o‘ylamagan edik. Mana shu joyiga “kimsasiz” degan so‘zni qo‘shib ketish kerak edi.

Eh-he... Parrandachilik kompleksi hududida qancha inshootlar bo‘sh, ishlamay qarovsiz yotibdi. Shahar hokimi tomonidan aytilganidek, biror dona parranda va ishlab turgan inkubatoriyani ko‘rmadik. Eng qizig‘i, auksionda sotib olgan tadbirkorga o‘z mulkini olib chiqib ketishga qarshilik qilayotgan hokimlik binolar ichidagi boshqa mulklarni sug‘urib ketishligiga halaqit qilmabdi.

- Press-klubdagi chiqishdan bir oy o‘tgach, “Fozilmon naslli parranda” ta'sischilari tomonidan 460 ming AQSh dollari qiymatidagi tovuq boqish uskunalari olib chiqib ketilgan, - deydi Husanboy Teshaboyev. Mahalliy hokimlik mutasaddilari nega bu holatga ko‘z yumishdi? Axir biz o‘z mulkimizni olib chiqib ketmoqchi bo‘lganimizda, bu joyda ishlab chiqarish tashkil etishni ro‘kach qilib, bizni bir yarim yildan buyon ovora qilayotgan ediku?

“Xonobod broyler” MChJ tugatish boshqaruvchisi tomonidan auksion orqali sotilgan mulklarni olib chiqib ketishga Xonobod IIB tomonidan to‘sqinlik qilinishi yuzasidan Andijon viloyat hokimi va viloyat prokuroriga qilingan shikoyatlarda Xonobod IIB boshlig‘i Murotjon Boltayevni qonun bo‘yicha belgilangan vakolatlaridan chetga chiqayotganini bildirgan. Vaholanki, “Xonobod broyler” MChJ mol-mulklari joylashuvi bo‘yicha Xonobod shahar IIB nazorat hududida emas.

Parrandachilik kompleksi bo‘lib, fuqaro tomonidan auksionda yutib olingan mulklar bilan tanishgach, tuman hokimligiga bordik. Shahar hokimi Musaxon Mamadaliyev ishlamay turgan parrandachilik kompleksiga investor jalb qilishga harakat qilinayotgani va o‘sha jalb qilinadigan investorga auksionda sotib olingan mulklarni sotib olish tavsiya qilinishini aytdi.  “Men, albatta, mulkni auksionda sotib olgan tadbirkor bilan shu bugunning o‘zida muzokara stoliga o‘tirib, barchasini hal qilaman”, -dedi hokim.

Mahalliy hokimlik vakillari bir yarim yil davomida investor topish yo‘lida harakat qilmadilar va hali-beri bu ishni oxiriga yetmaydilar, shekilli. Ularning kasriga qonuniy mulk egalari aziyat chekmoqda. Ular maxsus transport vositalari va ishchi kuchi bilan o‘z mulkini tashib ketish uchun yetti-sakkiz marotaba o‘sha mulklar joylashgan parrandachilik kompleksi hududiga kelib, qarshilikka uchrab, qaytib ketdilar. Ularning shu kungacha ko‘rgan moddiy zarari summasi 30 milliondan ortib ketdi.

O‘ylaymizki, viloyat huquq-tartibot idoralari va Xonobod hokimligi yuqoridagi muammoli holatni tez kunlar ichida ijobiy tomonga hal qiladi. Biz bu mavzuga yana qaytamiz...

 O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid