O‘zbekiston | 00:25 / 28.05.2018
28711
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda an'anaviy gul bayrami boshlandi 

Bugun, 27 may kuni Namangan shahrida 58-“Gul bayrami” tantanalari boshlandi. E'tirof etish joizki, 1960 yildan buyon an'anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan nafosat va go‘zallik tantanalariga bu yil tamomila o‘zgacha shaklda tayyorgarlik ko‘rildi. 

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Gullar bilan bezatilgan yuzga yaqin turli rusumdagi mashinalar Namangan xalqaro aeroportidan yo‘lga chiqdi. Islom Karimov va Amir Temur ko‘chalari bo‘ylab mashinalar paradi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi binosigacha barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati
Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Bayramning tantanali ochilishi marosimida Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, yildan yilga tobora yangi pog‘onaga chiqib borayotgan gul bayrami Namanganning o‘ziga xos brendiga aylanganligini e'tirof etdi. Yig‘ilganlar e'tiboriga gul bayramining logotipi namoyish qilinib, uning madhiyasi yosh xonandalar ijrosida ilk marotaba ijro etildi. Namanganlik gulchilar ushbu bayram uchun 150dan ortiq turdagi 2 million tup noyob navli gul ko‘chatlari parvarishlashdi. 

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Bundan tashqari, Namangan shahri va tumanlari, Farg‘ona, Andijon, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahridan kelgan gulchilar tomonidan 3 milliondan ziyod tuvakda parvarishlanayotgan gullar ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi. 

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Xalqaro maqomda o‘tkaziladigan gul bayramida minglab hamyurtlarimiz qatori xorijlik mehmonlar ham ishtirok etishdi. Gul saylining ilk kunida Turkiya, Saudiya Arabistoni, Bangladesh, Quvayt, Bahrayn, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya davlatlaridan kelgan mehmonlarni uchratdik. Jumladan, Saudiya Arabistoni qirolligining O‘zbekistondagi elchixonasi attashesi Madzi Husayn al Subayxi bilan suhbatimizda taassurotlarini shunday izhor qildi:

– Namanganga birinchi bor kelishim, shunday ajoyib bayramda ishtirok etayotganimdan behad xursandman. Dunyo go‘zalliklari Namanganda jam bo‘libdi. Darhaqiqat, davlatingiz – O‘zbekiston go‘zal diyor. Bu go‘zallik Namanganda yana bir bor e'tirof etildi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Ma'lumot o‘rnida, Namangan shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida boshlangan gul bayrami rasman bir haftaga belgilangan bo‘lsa-da, sayillar bir oy davom etadi.

Oqilxon Dadaboyev,
jurnalist.

Mavzuga oid