Jamiyat | 16:35 / 01.06.2018
29776
4 daqiqa o‘qiladi

Nafsini jilovlagan inson nafsiga qul odamdan ulug‘dir

“Islom nuri” dasturining bugungi soni insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishlari, bu tuyg‘u ortidan keladigan savoblar hamda muruvvatsizlikning oqibatlari haqida so‘z yuritiladi. Bu mavzu haqda poytaxtning “Hazrati Ali” jome masjidi imom xatibi Salohiddin Sharipov bilan suhbatlashdik.

YouTube'da tomosha qilish

Tas-IX'da tomosha qilish

- Ramazon oyi axloq madrasasi hisoblanadi. Bu oyda mo‘min-musulmonlar yana bir bor o‘zlariga qaraydilar. O‘zlaridagi kamchiliklarni tuzatib olishga harakat qiladilar. Mo‘min-musulmon kishi bu oyda risoladagidek o‘zini tutsa, u oladigan quvvat unga bir yilga yetadi. Ramazon ana shu hikmat asosida mashru' qilingan.

Bundan tashqari, bu oy – mehr-muruvvat, hamdardlik oyi. Mo‘min-musulmonlar bir-birlariga hamdardlik ko‘rsatadigan, bir-birlariga yordam qo‘lini cho‘zadigan oy. Bu oyda mo‘min-musulmonning dili yumshoq bo‘ladi. Qo‘ldan kelgancha yaxshilik qiladi, agarki u Ramazonning ro‘zasidan foyda ololgan bo‘lsa. Chunki Ramazonning ro‘zasi odamlarni tarbiya qilish uchun nozil qilingan. Aslida, barcha ibodatlar bandaning tarbiyasi uchun buyurilgan. Alloh taolo bizlarning ibodatimizga muhtoj emas, biz o‘zimiz muhtojmiz. 

Yusuf alayhissalom ko‘p och yurarkanlar. O‘zlari podshoh, mamlakatni boshqaradilar. “Yer yuzi xazinasining ustida o‘tirasiz, namuncha och yurasiz”, deb so‘rashganida, “Qornim to‘yib qolsa, ochlarni yodimdan chiqarib qo‘yishdan qo‘rqaman”, deb javob qaytargan ekanlar. Ramazon ro‘zasini tutgan odam mana shu narsani o‘z boshidan kechiradi. 

Hazrati Ali” jome masjidi
imom xatibi Salohiddin Sharipov

Mulohaza qiladigan bo‘lsak, insonga ochlik va chanqoqlikni boshdan kechirish juda og‘ir holat. Nafs ham eng qiynaladigan holat ham mana shu ekan. Chunki u quvvatni yemoq-ichmoqdan olar ekan. Inson yemoq-ichmoqlikdan tiyilish bilan nafsini jilovlaydi. Nafsini jilovlagan odam bilan nafsiga qul odamning o‘rtasidagi farq juda katta bo‘ladi. 

Bir zot farzandlari bilan dasturxonning atrofida o‘tirgan edilar. Bir tilamchi kelib qoldi. Oilaning rahbari ota dasturxonga qarab, hamma tikilib turgan eng afzal taomni olib, o‘g‘illariga berdilar va “buni olib chiqib ber”, dedilar. O‘g‘illari taomni olib chiqib berdilar va qaytib kelib dedi: “Bundayrog‘ini bersangiz ham bo‘lar ekan”. Otalari sababini so‘raganida, “u odam ko‘zi ojiz ekan”, deb aytdi farzand. Shunda ota dedi: “U odamning ko‘zi ko‘rmagani bilan, Alloh taolo ko‘rib turibdi”.

Alloh taolo bu oyning qadriga yetib, unda ko‘proq saxovat, mehr-muruvvatga doir ishlarni ko‘p qilmoqligimizni barchamizga nasib etsin.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid