Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘quvchilarning ta'lim muassasasiga maktab formasida kelishi majburiy qilib qo‘yiladi
Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Xalq ta'lim vazirligining “Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab barcha umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida o‘quvchilar uchun ko‘p variantlilik asosida zamonaviy maktab formasini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi korxonalari tomonidan davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun ularning yoshi, bahor-kuz va qish mavsumlari inobatga olingan holda ko‘p variantlilik asosida tayyorlangan zamonaviy maktab formalarining namunaviy shakllari;
Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.
Belgilanishicha:
maktab formasi umumiy o‘rta ta'lim muassasalari rahbariyati tomonidan o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan kelishilgan holda namunaviy shakllar doirasida tanlanadi;
maktab formasi umumiy o‘rta ta'lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi hamda o‘quvchilar uchun tasdiqlangan maktab formasi shaklini uch o‘quv yili davomida o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
o‘quvchilarning umumiy o‘rta ta'lim muassasasiga maktab formasida kelishlari majburiy hisoblanadi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
2018 yil 1 iyuldan boshlab tasdiqlangan namunaviy shakllardagi maktab formalarining ishlab chiqarilishini tashkil etadi;
maktab formalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni belgilashda ularning texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarning o‘z hududida joylashganligini inobatga oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda tasarrufida umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar:
2018/2019 o‘quv yilidan boshlab barcha umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida tasdiqlangan maktab formalarining namunaviy shakllari doirasida yagona maktab formasining joriy qilinishini ta'minlaydi;
o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga maktab formasida kelishning afzalliklari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib boradi.
Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, maktab formasini joriy etishning maqsadi o‘quvchilarning bilimli, odob-axloqli, sog‘lom fikrli, har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish, o‘zaro tenglik va belgilangan tartib-qoidalarga itoatkorlik hissini uyg‘otish, ularning salomatliklarini muhofaza qilish uchun shart-sharoit yaratish, o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirishdan iborat.
Quyidagilar maktab formasini joriy etishning vazifalari hisoblanadi:
ta'lim muassasalarida sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, yosh avlodga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta'lim-tarbiya berishga ko‘maklashish;
o‘quvchilar o‘rtasida o‘zaro ijtimoiy tenglik tamoyillarini qaror toptirish;
ta'lim muassasalarida o‘quvchilarning ichki tartib va odob-axloq qoidalariga to‘liq rioya etishlarini tartibga solish;
o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishga ko‘maklashish.
Maktab formasining matosi o‘quvchilarning yoshiga, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga to‘liq javob berishi shart.
Ta'lim muassasasi rahbariyati tomonidan o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan maktab formalarining namunaviy shakllari doirasida maktab formasi shakli belgilanadi.
Maktab formasi ta'lim muassasasi pedagogik kengashining qaroriga muvofiq uch yil muddatga joriy etiladi. Ta'lim muassasalarida joriy etilgan maktab formasini belgilangan muddat davomida o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘quvchilar tomonidan maktab formasini kiyishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
kiyimlarning o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;
qizlar uchun yubkaning tizzadan yuqori bo‘lmasligi;
oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi;
ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari tugmalarning qadalgan bo‘lishi;
kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.
O‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik ta'lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday o‘quvchilarga quyidagi choralar qo‘llanishi mumkin:
ogohlantirish;
kundalik daftariga qayd etish;
tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ta'lim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.
O‘quvchilar tomonidan maktab formasini kiyish tartibiga surunkali tarzda rioya qilmaslik ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik deb baholanadi va ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan jazo choralari qo‘llaniladi.
Mavzuga oid
11:37 / 26.05.2025
Dehlida O‘zbekiston-Hindiston ta’lim forumi o‘tkazildi
17:17 / 22.05.2025
3 yoshli jiyanini 3 ta tilda gapirtirgan yigit: miya sirlarini o‘rganayotgan Jamshidbek hikoyasi
15:28 / 19.05.2025
Surxondaryoda 11 nafar o‘qituvchi 2 ming dollardan ko‘p maosh olayotgani aytildi. Prezident buni Britaniya bilan taqqosladi
18:16 / 15.05.2025