Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chiqindilar va avtoturargohlar bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha katta jarimalar joriy qilinadi
Toshkent shahri hududida chiqindilarni ko‘chaga olib chiqib tashlagan va avtomobillarini taqiqlangan joylarga qo‘ygan kishilarga nisbatan katta miqdordagi jarima kiritish taklif qilindi. KUN.UZ muxbiri Xalqaro Press-klubning poytaxtni rivojlantirishga doir sessiyasi davomida Toshkent shahar hokimi, Jamoatchilik kengashi raisi, Xalqaro Press-klub boshlovchisi va "Maxsustrans" vakili tomonidan bildirilgan fikrlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
"Maxsustrans" vakili bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahridan yig‘iladigan chiqindilar 1 yilda 600 ming tonnani tashkil qilsa, shundan 75 foizi - aholidan, 25 foizi tashkilot va korxonalardan chiqayotgan chiqindilardir.
"Bugunga kunda Osiyo taraqqiyot banki 69 million dollar pul ajratgan. Birinchi tenderlarni o‘tkazib, konteynerlar olib keldik. Ikkinchisida 182 ta chiqindilar tashuvchi avtomobillar xarid qildik. Bularni olib kelib shaharni tozalaymiz, lekin bu yerda katta muammo bor. Masalan, shoh ko‘chalar yuzida joylashgan xonadonlarga haftada ikki marta chiqindi yig‘uvchi mashina boradi. Biroq ming afsuski, har kuni bitta bo‘lsa-da paket ko‘chaga olib chiqib qo‘yishadi. Ishchilarimiz yig‘ib ketishadi, ketidan yana boshqa paketlar olib chiqib qo‘yilaveradi", - deydi mutaxassis.
Xalqaro Press-klub boshlovchisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev joylarda tez-tez uchraydigan bunday holatlarga nisbatan o‘z fikrini bildirdi:
"Odamlar ba'zan pul to‘lab, sport bilan shug‘ullanadi. Ertalab turib yuguradi, mashqlar bajaradi. Hozir biz bildikki, jamiyatda inson qancha ko‘p piyoda yursa, shuncha o‘ziga foyda ekan. Shunday ekan, odamlarning xaltalarga solingan chiqindilarni nojoiz joylarga tashlab ketishlarini ko‘rib hayron qolasan kishi. Har bir dahada, maxsus hududlarda ozoda qilib qo‘yilgan chiqindixonalar mavjud. Odamlar chiqindilarini shu yergacha olib borishlari uchun qanday yo‘l tutish kerak ekan?"

Bu savolga javoban aholining ekologik ongini o‘zgartirish kerakligi ta'kidlandi. Shu o‘rinda Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlar tajribasi tilga olindi. Ma'lum bo‘lishicha, bu mamlakatlarda chiqindilarni o‘z joyiga tashlash kerakligi bolalar bog‘chasidan boshlab o‘rgatilar ekan. Masalan, Germaniyada bolalarga uch xil rangli quti qo‘yib, qaysi biriga nima tashlash kerakligi o‘rgatiladi.
"Biz bugun bolalarga yuksak materiyalar haqida gapiramiz, lekin oddiy narsalar o‘rgatilmaydi. Biroq Yaponiya va Koreya Respublikasi bog‘chalarida mana shu oddiy, lekin hayotiy bilimlar o‘rgatiladi", - deydi Qudratxo‘jayev.
Jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonov bunday holatlarga nisbatan katta jarimalar solish taklifini bildirdi.
Tadbirda ta'kidlanrishicha, Prezidentning 2916-sonli qaroriga muvofiq, Ekologiya davlat qo‘mitasi qoshida chiqindilar bo‘yicha inspeksiya ochilgan. Hozirda shu yerda jarimalar mexanizmini ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, sessiyada poytaxtdagi avtoturargohlar bilan bog‘liq muammolarga ham alohida e'tibor qaratildi. Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, bu yo‘nalishda ham xorij tajribasi o‘rganilmoqda. Xorij tajribasi asosida avtoturargohlar faoliyatini avtomatlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha birinchi loyihani aeroportda amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Sessiyada ma'lum qilinishicha, Toshkent shahridagi avtoturargohlardan bir oyda 150 million so‘m pul tushumi tushadi. Bu kam, agar shu turargohlar faoliyati avtomatlashtirilsa, elektron tartibda plastikda uriladigan bo‘lsa, tushadigan tushum to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjetga borib tushadi.
Avtoturargohlarni zamonaviy, ko‘p qavatli qilib qurilgandagina masala yechimi topilishi ta'kidlandi. Mutaxassislar bu bo‘yicha ishlar boshlangani qayd etishdi.
Toshkent shahar hokimi fikrni davom ettirgan holda shaharsozlikda qaysi soha oqsayotgan bo‘lsa, o‘shanga ahamiyat berilmagan bo‘lishi, ya'ni soliq islohoti amalga oshirilmagan bo‘lishiga diqqatni qaratdi va vaziyatga izoh berdi.
"Masalan, TSJlarda xizmat ko‘rsatish 300 so‘m deylik, narxi arzon bo‘lgani uchun ularning sifati past. Avtoturargohlarni nazarda tutadigan bo‘lsak, ularda davlatga undiriladigan soliqlar miqdori haddan tashqari yuqori, ya'ni investor tashqaridan kelib, avtoturargohga pul tikib uni ko‘p qavatli, Yevropa standartlariga mos ravishda zamonaviylashtirsa, u yerdan to‘lanadigan soliq tikkan puliga, investitsiya qilingan pulga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning hisobiga avtoturargohlar faoliyatini yaxshilash va tashqaridan investorlarni jalb qilish uchun albatta ularga to‘lanadigan soliqlarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Kerak bo‘lsa, sarmoyachilarga 5-10 yillik soliq chegirmalari, imtiyozlar berilishi kerak. Agar soliq tizimini to‘g‘irlamasak, har qancha urinmaylik, ko‘p qavatli va zamonaviy turargohlar bo‘lmaydi. Buni ochiq aytish kerak. Davlat majburlab, o‘zini budjetidan qilishi mumkin, lekin keyin yana o‘sha eski, qarovsiz ahvolga qaytiladi", - dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonov bularning barini xususiy sektorga o‘tkazishni taklif qildi.
"Sababi davlat, hokimliklarning ishi shusiz ham ko‘p. Soliq tushumini nazorat qilib charchab ketamiz. Undan ko‘ra hisob-kitoblar bo‘yicha elektron texnologiyalarni ishga tushirish kerak. Pul topish imkoni bor joyda xususiy sektor bunday ishlarga bajonidil kirishadi. Ertaga buni nafaqat tezda ishga tushirish, balki bu tizimni to‘g‘ri va sifatli boshqarib, davlatga kerakli ijara pulini unumli ishlatish imkoni paydo bo‘ladi", - deydi Abdurahmonov.

Jamoatchilik kengashi raisi aeroport avtoturargohlarida muammo bo‘lmasligi uchun uning ikkinchi qavatini ochishni taklif qildi. Mashinalar xorij davlatlaridek yo‘lovchini ikkinchi qavatga tashlab ortiga qaytadi, shunda avtoturargohlardagi tirbandlik muammolari bartaraf etiladi. "Avtoturargoh maydonini kengaytirgandan ko‘ra, aeroportning ikkinchi qavatini ochgan ma'qul, menimcha", - deydi u.
Shu o‘rinda Qudratxo‘jayev masalaning ikkinchi tomoniga e'tibor qaratdi.
"Bizga xos "kasallik" bor. Ikkinchi qavatga ruxsat berilsa, o‘sha yoqqa mashinani olib chiqib qo‘yib ketamiz. Avtomobil oynalarini qoraytirishning ham xuddi shunday nomuvofiq tomoni borki, ba'zilar buni suiiste'mol qilib, qoidalarni buza boshlashadi. Bugungi kunda barcha haydovchilar malakasini, madaniyatini oshirish kerak. Avval madaniyatni oshirib, keyin aeroportning ikkinchi qavati ochilsa, yaxshiroq", - deya fikr bildirdi u.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bu masalaga o‘z fikrini bayon etdi:
"Aslida soliqchilik tizimimizni tartibga solsak, soliqdan emas, unga tortiladigan jazodan ko‘proq pul undiriladi, ya'ni avtomobilni belgilangan joyga qo‘ymaganlik uchun davlat uning jarimasidan ko‘proq foyda topadi. Shuning uchun avtoturargohlarning salohiyatini oshirib, jarimadan ko‘proq pul undirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz", - deya ta'kidladi u.
Mavzuga oid
16:26 / 27.05.2025
Markaziy Osiyoning eng yaxshi shahri aniqlandi
14:30 / 27.05.2025
Poytaxt bosh rejasi interaktiv xaritada: unda nimalar aks etgan?
11:16 / 24.05.2025
Toshkentda 22 yoshli yigit ko‘chada tanishini pichoqladi
09:39 / 23.05.2025