Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga ramziy tamal toshi qo‘ydi
Islom sivilizatsiyasi markaziga tamal toshi qo‘yildi. Davlat rahbari o‘tgan yili 1 sentabr kuni poytaxtdagi Hazrati Imom majmuasida bo‘lib, mazkur markaz qurilishi, maqsad va vazifalari yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda mazkur qadimiy majmua yonidan o‘n gektarga yaqin joy ajratildi. Loyiha ishlab chiqilib, hudud qurilishga tayyorlandi.
15 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga ramziy tamal toshi qo‘ydi.
Davlat rahbari tadbirga yig‘ilgan diniy ulamolar va barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, markaz qurilishining shunday ulug‘ ayyom kunida boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur mazmun borligini ta'kidladi.
Bu markazni qurishdan maqsad islom ma'rifatini o‘rganish, bobolarimizning buyuk merosini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazishdir. Xudo xohlasa, hamma sa'y-harakatlarimiz yoshlar ta'lim-tarbiyasiga, ilm-fanga, madaniyatga, tinchlik-osoyishtalikka zamin yaratadi, dedi prezident.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritadigan ushbu markazning asosiy g‘oyasi ajdodlarimizning islom dini rivojiga ulkan hissasini targ‘ib etish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishdir. Shu maqsadda bu yerda muzey tashkil etiladi, ilmiy faoliyat yo‘lga qo‘yiladi. Vatanimizdan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiyadagi o‘rni tadqiq etiladi. Ularning ilmiy-ma'naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlari keng targ‘ib qilinadi. Mumtoz adabiyot va san'at namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyati chuqur ochib beriladi.
Markaz binosi yurtimizdagi qadimiy madrasalar ko‘rinishida, gumbazli qilib quriladi. Kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, konferensiya zali, xizmat xonalari va boshqa obektlarni o‘z ichiga oladi.
Biz shunday buyuk merosning davomchilari bo‘la turib, ilmda ortda qoldik. Bugungi tashabbuslarimiz, boshlagan ishlarimizni barcha musulmon mamlakatlari tan olyapti. Endi shunga munosib bo‘lishimiz, ilm-ma'rifatda o‘rnak bo‘lishimiz kerak, dedi davlat rahbari.
Jamiyatda mehr-oqibat muhitini yaratish, adashganlarni afv etish, imom-xatiblar malakasini oshirish, yoshlar tarbiyasiga e'tiborni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mavzuga oid
18:52
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
15:15
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42