O‘zbekiston | 17:57 / 21.06.2018
8799
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda pala-partish qurilishlarga chek qo‘yiladi: shaharning bosh rejasi konsepsiyasi ishlab chiqiladi

Foto: KUN.UZ

Samarqand shahar hokimligida shahar hokimi Furqat Rahimov, Samarqand Davlat arxitektura-qurilish institutining rektori hamda professor o‘qituvchilari, shahar arxitektori va jurnalistlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Shahar hokimi F.Rahimov keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda shaharda olib borilayotgan qurilish ishlarida belgilangan qurilish va arxitektura me'yorlarida chetlanishlar yuz berayotgani haqida o‘rinli chiqishlar bo‘layotgani, madaniy meros obektlariga zarar yetkazgan holda qurilayotgani haqida gapirib o‘tdi.

Ayni kunda bunday qurilish ishlari yakuniy ekspertiza o‘tkazish uchun to‘xtatib qo‘yilgani qayd etildi.

Viloyat madaniy meros obektlarini muhofaza etish inspeksiyasi rahbari Maysara Nabirayevaning aytishicha, shaharning o‘rta asrlarga oid va yevropacha madaniy qismiga yaqin bufer zonalarida olib borilayotgan ko‘p qavatli turar joylar qurilishiga inspeksiya tomonidan berilgan tavsiyalar qo‘pol ravishda buzilgani, bu borada inspeksiya prokuratura organlariga yil boshidan buyon 29 bor murojaat qilganini aytib o‘tdi.

«Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev ham qurilish ishlari olib borilayotgan hududlarda yashovchi fuqarolardan norozilik murojaatlari ko‘plab tushayotgani, qurilishni olib borayotgan firmalar va hokimlikning mutasaddilari ushbu muammoni yechishda ochiq bo‘lishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Shahar hokimi F.Rahimov Samarqand shahrining ayni damda yaroqli bosh rejasining o‘zi yo‘qligini aytib o‘tdi. Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti rektori Sulton Ahmedov zamonaviy shaharsozlik talablariga asoslanib, shaharning bosh planini yaratish konsepsiyasini ishlab chiqish kerakligini aytib o‘tdi.

Shahar hokimining aytishicha, shaharda YuNeSKO madaniy merosi obektlari sifatida tan olingan obektlar juda ko‘p, ularni avaylab asrash, mavjudlarini investorlarga berish ustida oqilona ish olib borilishi lozim.

Yig‘ilishda qatnashgan SamDAQI professor-o‘qituvchilari  A.O‘rolov, Sh.Ochilov, H.Qayumov, M.Xidirov, R.Avazov Samarqand shahrining so‘nggi bosh rejasi 1990-2005 yillar uchun yaratilganligi, ayni paytda aktual bosh rejaning o‘zi darhaqiqat yo‘qligi, qurilish ishlari qaysi rejaga asosan olib borilayotganligi noma'lumligini qayd etib o‘tishdi.

Ochiq munozara ruhida o‘tgan yig‘ilishda Samarqand shahrining kamida 2035 yilgacha bo‘lgan davrini qamrab oladigan bosh rejasi konsepsiyasini ishlab chiqish va bosh rejani tuzish uchun samarqandliklarning fikri sifatida ToshBoshPlanLITIga taqdim etish lozimligi va kelgusida shaharda olib borilayotgan har bir qurilish va rekonstruksiya ishlari o‘sha bosh rejaga asosan olib borilishi kerakligi haqida yakdil xulosaga kelishdi.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbir

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid