O‘zbekiston | 19:22 / 30.06.2018
120973
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Vestminster universiteti talabasiga katta lavozim taklif qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 29 iyun kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, mas'ul rahbarlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Ma'lumotlarga qaraganda, tadbir ishtirokchilaridan biri, Toshkentdagi Vestminster universitetining uchinchi bosqich talabasi yig‘ilish qatnashchilari oldida chiqish qilgan.

Talabaning o‘z nutqida ta'kidlashicha, xorijiy davlatlarga tez-tez boradi va turizmni rivojlantirishga katta qiziqish bildiradi. Umuman, u O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari xususida o‘z fikrini aytgan.

Talaba chiqish qilganidan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev unga Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimini taklif qildi.

O‘z navbatida, prezident O‘zbekiston bunday yosh, ijodiy fikrlovchi va shijoatli kadrlarga muhtojligini ta'kidladi.

Kun.uz manbalari xabariga ko‘ra, prezident haqiqatan ham talabaga Davlat turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimini taklif qilgan, biroq tayinlov haqida hozircha qandaydir rasmiy hujjatlar yo‘q.

Mavzuga oid