Sport | 20:57 / 30.06.2018
19675
2 daqiqa o‘qiladi

JCh-2018. Fransiya 7ta gol urilgan o‘yinda Argentinani uyiga ravona qildi

Rossiyada jahon chempionati pley-off o‘yinlari boshlandi.

1/8 finalda Fransiya va Argentina bellashdi. 

13-daqiqada Grizmann penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. 41-daqiqada Di Mariya uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab, juda chiroyli gol bilan hisobni tenglashtirdi. 

48-daqiqada Messining jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasidan so‘ng, Merkado to‘pni raqib darvozasiga to‘g‘rilab qo‘ydi. Ammo, bu fransuzlarning ruhini cho‘ktirmadi. Ular 10 daqiqa ichida Argentina darvozasiga uchta to‘p kiritishdi. 57-daqiqada Pavar uzoq masofadan zarba yo‘llab, chiroyli gol urgan bo‘lsa, 64 va 68-daqiqalarda Mbappe 2ta gol urib, hisobni 4:2 ko‘rinishiga keltirdi. 

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Aguero gol urishga erishdi, ammo, bundan ortig‘iga Argentinada kuch ham, vaqt ham qolmagan edi.

Bu natijadan so‘ng, Fransiya terma jamoasi 1/4 finalga chiqdi. Uning raqibi Urugvay - Portugaliya o‘yinida aniqlanadi.

JCh-2018, 1/8 final
Fransiya – Argentina 4:3 (1:1, 3:2)
30 iyun, «Qozon-Arena» 
Gollar: 1:0 – 13, penalti Grizmann, 1:1 – 41 Di Mariya, 1:2 – 48 Merkado, 2:2 – 57 Pavar, 3:2 – 64 Mbappe, 4:2 – 68 Mbappe, 4:3 - 90+3 Aguero. 
Fransiya – Loris, Varan, Umtiti, Lyuka Ernandes, Pavar, Matyuidi (Tolisso, 75), Pogba, Kante, Jiru, Grizmann (Fekir, 83), Mbappe (Toven 88).
Argentina – Armani, Maskerano, Otamendi, Merkado, Roxo (Fasio, 46), Talyafiko, Di Mariya, Banega, Peres (Aguero, 66), Pavon (Mesa, 75), Messi.
Ogohlantirishlar: Roxo (11), Talyafiko (19), Maskerano (43), Banega (50), Matyuidi (72), Pavar (73), Jiru (90+3).

Mavzuga oid