Jamiyat | 23:16 / 02.07.2018
29712
3 daqiqa o‘qiladi

Fohishaxona tashkil etgan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi

2018 yil aprel oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shaharida A.Jabborov raisligida sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudlanuvchi Boltayeva Gulandom Boltayevnaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash, Fohishaxona tashkil etish yoki saqlash) jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 

Ma'lum bo‘lishicha, sudlanuvchi G.Boltayeva g‘arazli va boshqa past niyatlarda tekin boylik orttirish maqsadida, o‘ziga tegishli bo‘lgan Buxoro shahar Mustaqillik ko‘chasi 58/3-uy 29-xonadonda fohishaxona tashkil qilib, moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida uyni ma'lum bir vaqtlarga foydalanishga berib kelgan.  

Sudlanuvchi G.Boltayeva O‘zbekiston Respublikasining JK 131-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan bir yil olti oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

G.Boltayeva zimmasiga quyidagi taqiq (cheklash)lar yuklatildi:

•  tungi vaqtda restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalar, kinoteatrlar, kompyuter zallariga bormaslik;
•  ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
•  aloqa vositalaridan, shu jumladan, internetdan foydalanmaslik;
•  alkogolli ichimliklar iste'mol qilmaslik;
• har oyda bir marotaba IIBdan ro‘yxatdan o‘tib turish, IIBning roziligisiz yashash joyini, ish joyini o‘zgartirmaslik, tegishli ma'muriy hududdan tashqariga chiqmaslik;
•  kunning kech soat 21-00 dan ertalab soat 07-00 gacha yashash joyidan chiqib ketmaslik.

Hukmdan norozi tomonlar hukm e'lon qilingan kundan e'tiboran o‘n sutka ichida, sudlanuvchi esa unga hukm nusxasi topshirilgan kundan e'tiboran shu muddat ichida shu sud orqali jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga apellyatsiya tartibida yoki hukm qonuniy kuchga kirgandan keyin kassatsiya tartibida shikoyat keltirishga, prokuror protest keltirishga haqli ekanligi tushuntirib o‘tildi.

Mavzuga oid