Samarqanddagi kasb-hunarga o‘qitish markazidan navbatdagi kasb egalari uchirma bo‘lishdi
Samarqand shahrida joylashgan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi — KOICA ko‘magi bilan barpo etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazida ikkinchi bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi — KOICAning O‘zbekistondagi idorasi direktori Song Seung-Il, Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan ko‘ngilli o‘qituvchilar, Koreya ta'lim va texnologiya universiteti professorlari, Bandlik va mehnat munosabati vazirligining mas'ul xodimlari, markaz bilan hamkorlik qilayotgan korxona va tashkilotlardan tashrif buyurgan mehmonlar va markazni bitirayotgan talabalar qatnashdilar.
Mazkur kasb-hunarga o‘qitish markazida elektronika va asbobsozlik, payvandlash va chilangarlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, axborot texnologiyalari yo‘nalishida har yili 240 talaba o‘qishga qabul qilib, 11 oy davomida bepul o‘qitiladi. Bu yil o‘qishga qabul qilingan talabalarning 225 nafari uni muvaffaqiyatli tugatishdi.
Mehmonlar talabalarning bitiruv ishida yasagan dastgohlari va ko‘rgazmalari bilan tanishishdi. Ta'kidlash joizki, nisbatan qisqa vaqt — 6 oy nazariy va 5 oy amaliy bilim olish mobaynida markaz talabalarining bu qadar natijalarga erishishi koreys mehmonlarda katta hayrat uyg‘otmasdan qolmadi.
Markazda o‘zbek va koreys xalqlarining o‘xshash o‘yinlari va musobaqalari namoyish etib berildi. Koreyscha va o‘zbekcha o‘xshash taomlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Avvalgi yillardan farqi — o‘quv markazida avtomaktabning ochilishi bo‘lib o‘tdi. Endi o‘qishga qabul qilingan talabalar shu yerdan haydovchilik mahoratini o‘rganib, haydovchilik guvohnomasi ham olib chiqishi mumkin.
— Markazimiz uchinchi yildirki mahoratli kasb egalarini o‘qitib chiqarmoqda. Fursatdan foydalanib, bir jihatga urg‘u bermoqchiman: mazkur o‘qitish markazi O‘zbekiston fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish va davlat namunasidagi diplom berish bilangina shug‘ullanadi. Ko‘pchilik orasida tarqalgan noto‘g‘ri fikrga ters o‘laroq, biz Janubiy Koreyaga ishga jo‘natmaymiz. Albatta biz o‘rgatgan kasblar kishiga har qanday joyda asqatishi mumkin. Kishi qayerda ishlashini o‘zi hal qiladi. Markazimizda koreys, yapon, ingliz tillarini ham o‘qitish pullik kurslari mavjud. Lekin biz tayyorlayotgan kadrlar asosan, shu yerda O‘zbekiston ichidagi korxonalarda ishlashmoqda, — deydi biz bilan suhbatda kasb-hunarga o‘qitish markazi direktori Ismoil Ergashev.
Tadbir so‘ngida markazning eng a'lochi bitiruvchilariga diplomlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilganlarga va mehmonlarga bitiruvchilar ishtirokida konsert dasturi tashkillashtirildi.
Sh.Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024