Jamiyat | 00:49 / 13.07.2018
35022
2 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi ommaviy zaharlanishga sabab bo‘lgan muzqaymoq sotuvchisi jazolandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Bo‘z tuman sudida sudlanuvchi Jahongirmirzo Bultirboyevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi. Bu haqda Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

Bultirboyev shu yilning 15 may kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yuz bergan  100dan ortiq kishining muzqaymoqdan ommaviy zaharlanganida aybdor, deb topildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, J. Bultirboyevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4 qismi “b” bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Bo‘z tuman sudi J. Bultirboyevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli hukm qilish) qo‘llab, tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, unga 2 yil muddatga sinov muddati belgiladi. 

Eslatib o‘tamiz, bemorlarning barchasi bu holat yuzaga kelishini 14 may kuni Shahrixon tumani markazida, Amir Temur ko‘chasida joylashgan «MAKS» kafesida frezerli muzqaymoq iste'mol qilishi bilan bog‘lagan.

15 may kuni «Ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan bemorlar soni 100dan ortib ketgandi. ​

Mavzuga oid