Jamiyat | 03:14 / 13.07.2018
29758
3 daqiqa o‘qiladi

Furqat Rahimov Samarqand shahar hokimligida qurilish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Samarqand shahar hokimligi majlislar zalida shahar hokimligi apparati a'zolari, sektor rahbarlari, shahardagi korxona-tashkilot rahbarlari ishtirokida, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov olib bordi.

Majlis avvalida asosan shahardagi obodonlashtirish masalalariga e'tibor qaratildi. Xorijlik sayyohlar va shahar mehmonlari uchun shaharning gullarga burkash obodonlashtirish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning muhim vazifasi ekanligi qayd etildi. Uch kun muqaddam bo‘lib o‘tgan majlisda berilgan topshiriqlar ijrosi nazorat qilindi.

Shaharda ozodalikka e'tibor yanada kuchaytirilishi, jumladan maishiy chiqindilarni bosqichma-bosqich 3 xil turlarga ajratish uchun qisqa muddat ichida shaharda 500 dan ziyod yangi konteynerlar o‘rnatilishi, bunday uchtalik konteynerlarning allaqachon 20 tasi o‘rnatib bo‘lingani haqida hisobot eshitildi.

Shuningdek, shahar hokimi shaharda olib borilayotgan keng miqyosdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari, jumladan Aeroport yo‘li va Bo‘stonsaroy ko‘chalarida xonadonlari buzilayotgan fuqarolar bilan ishlash, buzilayotgan hududlarda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari ijrosi bilan qiziqdi.

Shaharning tarixiy qismiga yondosh hududlarda to‘xtatib qo‘yilgan noqonuniy qurilish ishlari haqida ham so‘z bordi. Shahar hokimi mutasaddilarga shaharda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarida mavjud me'yor va qoidalarga qat'iy amal qilish, tanish-bilishchilik yoki boshqa vositalar evaziga qoidabuzarlikka ko‘z yumishga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Hokimlik oldida turgan yana bir masala — shahardagi maktablar va maktabgacha ta'lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning qisqacha hisoboti ham tinglandi.

Oshkora ruhda o‘tgan majlis so‘ngida halollik va o‘z kasbiga puxta yondashuv, shahar fuqarolarning murojaatlarini tinglash Samarqand shahrida ishlayotgan har bir rahbarning asosiy ish tamoyili bo‘lib qolishi kerakligi ta'kidlab o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati rahbariyatining ishdan olinishi oid mish-mishlar fonida Samarqand shahar hokimi F.Rahimov ham ishdan ketgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Keyinchalik shahar hokimining ishdan ketgani haqidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmagan, biroq viloyat hokimi T.Jo‘rayev lavozimidan ozod qilingani oydinlashgan edi. Ertaga — 13 iyuldan boshlab Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati hokimi lavozimiga kirishishi kutilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov.

Toshpo‘lat Rahmatullayev fotolari.

Mavzuga oid