Jamiyat | 15:20 / 16.07.2018
27957
4 daqiqa o‘qiladi

“Mardikor” ayollar bilan navbatdagi uchrashuv. Xotin-qizlar qo‘mitasi jiddiyroq kurashga kirishdi

KUN.UZ sayti orqali Toshkent shahrining Qo‘yliq massivida mardikor ayollar bilan uchrashuvlar haqida xabar berilgan edi. Sayyor qabullarni uyushtirish tashabbusini Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘z zimmasiga olgan edi. 

15 iyul, yakshanba kuni Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan «Bizning jamiyatda har bir ayol davlat himoyasidadir!» shiori ostida viloyatlardan ish qidirib Toshkent shahriga kelgan xotin-qizlarni bandligini ta'minlash, ularning muammolarini hal etish maqsadida «Qo‘yliq» va «Chorsu» bozorlari atrofidagi norasmiy yollanma ishchilar to‘plangan joylarda bir martalik ish qidirib chiqqan xotin-qizlar bilan navbatdagi uchrashuv tashkillashtirildi.  Sayyor qabulda 130 nafar ayol va  20 nafar murojaatchilar ishtirok etdi. Bu safar ayollarning yordamga muhtoj qatlami bilan Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva shaxsan uchrashdi va muammolarni o‘rgandi.

“Avvalgi uchrashuvlarda ko‘pchilikning muammolari hal etilgan. Hal qilish uchun vaqt talab qiladigan muammolar ham mavjud. Ularni ham tezroq hal qilishni maqsad qilganmiz. Bu natijalarni ko‘rgandan so‘ng, murojaatlar soni ortib bormoqda. Hattoki, bu safargi uchrashuvlarimizga erkaklar ham kelishgan. Bu xalqni bizga ishonchi va biz buni oqlaymiz”, deydi Xotin-qizlar ko‘mitasi raisining o‘rinbosari Nurmatova Mukarram.

Qabullar avvalgi safargi ko‘rinishda viloyatlarga bo‘lib o‘rganildi. Hamma viloyatlardan ayollar yig‘ilgan, xattoki Qoraqalpog‘istondan ham ayollar kelgan. Har bir hudud bo‘yicha shu hudud vakili ishtirokida qabullar o‘tkazildi. Tanzila Norboyeva uchrashuvga kelgan ayollarning har biri bilan suhbatlashib, dardini bilishga harakat qildi va zarur ko‘rsatmalar berdi. Ayollar orasida ko‘pchiligining muammolari faqatgina ishsizlik emas, boshqa o‘tkir masalalar ekanligi ham o‘rganildi. Va bu muammolar qisqa muddat ichida hal etilishi uchun ko‘rsatmalar berildi.

“Erim va o‘g‘lim Rossiyada. U yerda qonunbuzarlikda ayblanib tergov izolyatorida saqlanyapti. Bir necha bor u kishini urishibdi ham. Ikkinchi farzandim ajrashib ketdi. Oilamiz parokanda bo‘lib ketdi. Uyimni sotuvga qo‘yganman. Ko‘chada qoldim. Menga amaliy yordam kerak, o‘zimni kuchim yetmayapti”, deydi murojaatchi ayollardan biri. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva bu ayolning muammolarini eshitib, har qanday amaliy yordam berilishini aytdi. “Sizga yordam beradigan advokatni ham o‘zimiz topamiz, elchixonalar orqali tashvishingizni qonun doirasida hal qilamiz. 1-2 kun ichida bu masalalar hal qilinadi”, deb aytib o‘tdi.

Qo‘mita vakillarining xabar berishicha, ushbu ikki kun ichida 195 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa,  shundan 170 nafar ayoldan 110 ayolni muammosi joyida hokimliklar va hamkor tashkilotlar bilan bog‘lanib hal etilgan. 60 nafar ayolga qonun doirasida yordam berish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berildi va yechimi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘lanilgan.

Bu muammolarni eshitar ekanmiz, jamiyatimizda hali hal qilinishi ko‘p muammolar borligini his etdik. Bu muammolarni hal etish faqat bir inson, bir tashkilotning o‘zi emas, har bir muassasa, har bir davlat organi, jamoat tashkilotlari hamjihatlikda harakat qilish lozim, bizningcha. Muammolarning tub ildizlariga yetib borib, to‘laqonli hal etilishi uchun Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasiga kuch-quvvat tilab qolamiz.

Kun.uz ijtimoiy masalalarni kuzatishda davom etadi.

Mavzuga oid