O‘zbekiston | 00:41 / 24.07.2018
78547
2 daqiqa o‘qiladi

"To‘yda pul sochish". Urfga aylanayotgan illatlar ta'qibidan qochmaymizmi?

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar to‘ylar bo‘yicha bir qarorga kelgandi. Qayd etilishicha, to‘y-hasham va boshqa oilaviy tadbirlarni ixcham o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishga muayyan me'yoriy hujjat bilan emas, odamlar o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, shaxsiy ibrat, namunali tadbirlar misolida erishish har jihatdan foydali ekani bildirilgan. 

Ushbu qaror e'lon qilinganiga ko‘p bo‘lmasdan, to‘ylarda pul sochib mashhur bo‘layotgan samarqandlik yigit ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Senatorlarning fikricha, oilaviy tadbirlarni milliy qadriyatlar asosida, kamxarj, dabdabalardan xoli o‘tkazishni keng jamoatchilik va har bir inson ongli ravishda anglab yetmog‘i lozim.​ Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarga ko‘ra, to‘y va shu kabi oilaviy tadbirlarga sarflanayotgan pullar iqtisodiy drayv yaratib, ancha-muncha oilaning qora qozonini qaynatadi. Lekin, to‘yda pul sochish-chi?

Ochig‘i, kimnidir "aybdor"ga chiqarib, tanbeh berishdan yiroqmiz. Ming qilsa ham erkin fuqarolik jamiyatini qurib, o‘zbekcha demokratiya modelini ilgari suryapmiz. Biz orzu qilgan jamiyatda fuqarolar nimani istasa, shuni bajaradi, faqat qoidani buzmasa bas. Qolaversa, sharqda birovning cho‘ntagidagi pulni hisoblash odobdan emas. 

Shunga qaramay, maqsadsiz, dabdabaga berilgan kishilar bilan jamiyat ko‘zlagan uzoqdagi marraga yetib borishi ham qiyin. Isrofgarchilikka qarsak chalgan xalq in'om etilgan ne'matlarning qadriga yetmaydi. Serg‘ayrat, tirishqoq, eng muhimi bilimli va halol yoshlar suv va havodek zarur bo‘lgan jamiyatda illatlarga qarshi kurashish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Mavzuga oid