O‘zbekiston | 13:09 / 26.07.2018
36511
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov: bu kabi tarixiy imkoniyat O‘zbekistonda yana boshqa bo‘lmasligi mumkin

Foto: KUN.UZ

O‘tgan haftada YuNISEF tashkilotining mintaqaviy direktori tashrifi davrida Demografik dividend haqida taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida.

Vazirning bildirishicha, O‘zbekiston dastlabki demografik dividend bosqichida turibdi, ya'ni demografik tendensiyalarga ko‘ra aholining tarkibida bolalar va qariyalarga nisbatan mehnat yoshidagilarning ulushi ortib boradi. Ularga yaxshi ta'lim berilsa va tadbirkorlik muhiti yaratilsa ushbu demografik dividenddan ijobiy foydalanib olsa bo‘ladi va mamlakatimizning kelajakda yuqori o‘sish sur'atlariga erishish mumkin.

Masalan, deya ta'kidlaydi Shermatov, Koreya iqtisodiy o‘sishida ham aynan demografik o‘zgarishlarning salmoqli ulushi bor. 1960chi yillarda bir ayolga nisbatan 6,1 nafar bola tug‘ilardi, undan keyin bir necha o‘n yilliklar davomida bu son kamayib borgan va 1982 yilga kelib 2,26 ga tenglashgan. O‘zbekistonda esa aynan 2017 yilda shu raqam, ya'ni bir ayolga 2,26 farzand to‘g‘ri kelyapti hamda prognozlarga ko‘ra buyog‘iga pasayib boradi. 

Vazirning fikricha, O‘zbekistonda hozirgi vaqtda Koreyadagi 80chi yillardagidek demografik tendensiyalar kuzatilmoqda. Ular esa bu imkoniyatdan juda yaxshi foydalanganlar. Demografik dividenddan bunday ijobiy foydaga erishishning Koreyadagi asosiy sabablari esa: ta'limga e'tibor, huquq va imkoniyatlarni kengaytirilishi hamda iqtisodni to‘g‘ri isloh qilish bo‘lgan.

“YuNISEF ekspertlarining izlanishlari natijalari hozirgi kundagi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta'lim tizimiga e'tiborni kuchaytirish tashabbusining naqadar to‘g‘ri ekanligini yana bir bor isbotlamoqda. Chunki bu kabi tarixiy imkoniyat O‘zbekistonda yana boshqa bo‘lmasligi mumkin”, - deydi vazir.

“Yoki biz Koreya kabi ushbu tarixiy imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib ta'limga e'tiborni kuchaytiramiz va sarmoya kiritamiz yoki ba'zi Lotin Amerikasi davlatlari kabi ushbu masalaga e'tibor qaratmasdan demografik dividend o‘rniga mamlakat kelajagi uchun xavfni keltirib chiqarilishiga yo‘l qo‘yib beramiz”, - deya qo‘shimcha qilib o‘tgan u.

Mavzuga oid