O‘zbekiston | 11:17 / 27.07.2018
6581
3 daqiqa o‘qiladi

Sug‘oriladigan yerlarni yaxshilash va muhofaza qilish bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganligi uchun jarimalar joriy qilindi

24.07.2018 yildagi O‘RQ–487-son Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasiga (yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish) qo‘shimchalar kiritildi. Tuzatishlar e'lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi. 
 
Norma’ning yozishicha, yerga egalik qiluvchilar, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan sug‘oriladigan yerlarni yaxshilash va muhofaza qilish, shu jumladan yerlardan maqsadli, oqilona foydalanilishini, tuproqning qayta tiklanishi va hosildorligi oshirilishini ta'minlash bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganligi uchun ularga nisbatan ma'muriy jarimalar joriy qilinadi. Bunda jarima miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan yer uchastkasi maydoniga bog‘liq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2013 yilning 1 mayidan boshlab meva-sabzavotchilik, uzumchilik va poliz mahsulotlarini yetishtirish uchun yer uchastkalarini berish bo‘yicha ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan qishloq xo‘jalik tovar ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida tuziladigan ijara shartnomalarida, qoida tariqasida, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimini va suv tejaydigan boshqa sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini olish nazarda tutiladi. Shunga o‘xshash majburiyatlar boshqa holatlarda ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
 
Mazkur ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlar yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan nazorat qilish bo‘yicha bosh davlat inspektorlari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) ularning xodimlari, tadbirkorlik sub'yektlari bo‘lmish yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari va (yoki) boshqa xodimlariga nisbatan ochilgan ishlar ma'muriy sudda ko‘rib chiqiladi.
 
Qonun 26.10.2018 yildan kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid