Toshkent viloyatida sayyohlar uchun biohojatxonalar o‘rnatila boshlandi
Toshkent viloyatiga tashrif buyurayotgan sayyohlarga qulay shart-sharoitlar yaratish va ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida viloyat Turizmni rivojlantirish kompleksi tomonidan to‘liq o‘rganish va kamchiliklarni bartaraf etishga doir amaliy ishlar boshlab yuborildi.
KUN.UZ muxbirining Kompleks vakillari bergan ma'lumotga asoslanib xabar berishicha, 26 iyul kuni Pskent tumani Novkent MFY hududi 4R-20 “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtoyo‘lining 18-19 km yo‘l bo‘yida viloyatdagi birinchi biohojatxona o‘rnatildi. Biohojatxona Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va RiaBuildingConstructionGroup'ning qo‘shma loyihasi mahsulidir.
Biohojatxona - sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keluvchi zamonaviy sanitariya-gigiyena jihozlari (suv ta'minoti, ventilyatsiya tizimi, ichki va tashqi yoritish tizimi, qo‘l yuvish va gigiyenik moslamalar, santexnika jihozlari va boshqalar) bilan to‘liq ta'minlangan.
Ushbu biohojatxona o‘rnini belgilashda sayyohlarning to‘xtashi uchun qulay turizm infratuzilmasi mavjud bo‘lgan hudud tanlandi. Biohojatxona atrofida umumiy ovqatlanish shoxobchasi, Ulug‘ vatan urushi qatnashchisi va xalq maorifi a'lochisi Ungar O‘rmonovning uy muzeyi, ministadion va ziyoratgoh, avtobekat kabi infratulma obektlari bor.
Ta'kidlash joizki, shu yilning 1 sentabriga qadar Toshkent viloyatining yana 10 hududiga biohojatxona o‘rnatish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari hisoblangan M-39 (Olmata-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz), M-34 (Toshkent-Dushanbe), A-373 (M-39 avtoyo‘li - Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon orqali O‘sh), A-373A (Toshkent-Ohangaron- Angren) hamda davlat ahamiyatidagi avtoyo‘llar — 4R2, 4R20 (Bektemir postidan Tojikiston Respublikasigacha), 4R12 (Bardanko‘l posti - Chorvoq), 4R6 (S.Najimov chegara bojxona posti-Chimyon qishlog‘i) yo‘l bo‘ylari hamda Chorvoq erkin turistik zonasi hududi, Parkent va Ohangaron tumanlarida ham biohojatxonalar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Mavzuga oid
19:57 / 22.11.2024
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
21:23 / 21.11.2024
Toshkent viloyatida hojatxona uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
13:24 / 21.11.2024
COP29 ishtirokchilari iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi
14:12 / 15.11.2024