O‘zbekiston | 11:05 / 27.07.2018
10424
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi

O‘zbekiston Respublikasining prezidenti “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi” tomonidan e'lon qilindi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 26 iyunda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 28 iyunda ma'qullangan.

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan 163–I-sonli va 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan 256–I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 565-moddasiga quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:

ikkinchi qism «notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak» degan so‘zlardan keyin «bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi;

quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar jismoniy shaxslar bilan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin».

2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrda qabul qilingan «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi 719–I-sonli Qonuniga quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:

1) 6-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Investitsiya loyihasi iqtisodiy, ijtimoiy naf va boshqa yo‘sindagi naf olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirlar kompleksi yoki alohida tadbirdir»;

2) 15-modda birinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisidagi «Investitsiya dasturiga» degan so‘zlar «rivojlanish davlat dasturlariga» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

3) 18-moddaning ikkinchi qismidagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi» degan so‘zlar «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

4) 20-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«20-modda. O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari

O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari — bu uzoq muddatli istiqbol uchun tasdiqlanadigan, tarmoq, hududiy va maqsadli rivojlanish konsepsiyalari asosida shakllantirilgan hamda mamlakat iqtisodiyotini barqaror va izchil rivojlantirishga erishishga, mavjud tabiiy, mineral-xom ashyo, moliyaviy, moddiy, mehnat resurslaridan va boshqa resurslardan oqilona foydalanish yo‘li bilan mamlakat iqtisodiyotining ayrim tarmoqlari hamda mintaqalarini tuzilmaviy jihatdan o‘zgartirish bo‘yicha asosiy ustuvorliklar va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan choralar majmuidir.

O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari tasdiqlangan rivojlantirish konsepsiyalari asosida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning umumdavlat dasturlari bajarilishini ta'minlash maqsadida uch yillik muddatga shakllantirilib, bunda investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muddatlari hamda moliyalashtirish manbalari hisobga olinadi, ularning asosiy ko‘rsatkichlari har yili aniqlashtirib va yangilab boriladi. O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish manbalari qonun hujjatlarida belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi»;

5) 21-moddaning birinchi qismidagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi» degan so‘zlar «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan O‘RQ–136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 282-moddasi ikkinchi qismining 18-bandidagi «Investitsiya dasturiga» degan so‘zlar «rivojlanish davlat dasturlariga» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 26 dekabrda qabul qilingan O‘RQ–360-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Byudjyet kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:

1) 23-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisidagi «Davlat investitsiya dasturida» degan so‘zlar «rivojlanish davlat dasturlarida» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

2) 49-moddaning ikkinchi xatboshisidagi «Davlat investitsiya dasturiga» degan so‘zlar «rivojlanish davlat dasturlariga» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

3) 152-modda beshinchi qismining ikkinchi xatboshisidagi «davlat investitsiya dasturlarini» degan so‘zlar «rivojlanish davlat dasturlarini» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

4) 154-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisidagi «davlat investitsiya dasturini» degan so‘zlar «rivojlanish davlat dasturlarini» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

5) 177-moddaning beshinchi xatboshisidagi «davlat investitsiya dasturlarini» degan so‘zlar «rivojlanish davlat dasturlarini» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

5-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 26 mayda qabul qilingan «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘RQ–386-sonli Qonuniga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi:

1) 6-modda:

beshinchi qismi «bir yil muddatga tuziladi» degan so‘zlardan keyin «bundan ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi;

quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Yo‘lovchilarni va ularning mol-mulkini avtomobilda tashishni amalga oshiruvchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi uch oydan bir yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilishi mumkin»;

oltinchi va yettinchi qismlari tegishincha yettinchi va sakkizinchi qismlar deb hisoblanadi;

2) 8-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi (bundan buyon matnda sug‘urta polisi deb yuritiladi) tegishli blankada va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasiga kiritilgan transport vositalarining soniga teng nusxalarda rasmiylashtiriladi. Sug‘urta polisi blankasi qat'iy hisobda turadigan hujjat bo‘lib, hisobga olish seriyasiga, raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘lishi kerak.

Sug‘urta polisida quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

sug‘urtalovchi to‘g‘risidagi;

tashuvchining nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) haqidagi;

sug‘urtalovchining, uning barcha filiallarining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), ular bilan aloqa bog‘lash vositalari hamda ularning ish vaqti to‘g‘risidagi;

tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasining amal qilish davri haqidagi;

sug‘urta mukofoti to‘g‘risidagi;

sug‘urta puli haqidagi;

tashuvchining transport vositasi (vagonlari) (turi, markasi, modeli, raqamli (tanituvchi) belgisi, ishlab chiqaruvchi zavod pasporti bo‘yicha yo‘lovchi sig‘imi) to‘g‘risidagi;

tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasining boshqa muhim shartlari haqidagi»;

3) 16-modda ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«tashish kunida amalda bo‘lgan sug‘urta polisining nusxasini tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasiga kiritilgan barcha transport vositalariga va (yoki) o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtirishi».

6-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 20 yanvarda qabul qilingan O‘RQ–400-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi:

1) 32-moddaning uchinchi qismi «Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida» degan so‘zlardan keyin «yoki vaqtincha olib kirish bojxona rejimida» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi;

2) 64-modda to‘rtinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisidagi «investitsiya dasturiga» degan so‘zlar «rivojlanish davlat dasturlariga» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

3) 245-modda:

birinchi qismining:

to‘rtinchi xatboshisi chiqarib tashlandi;

beshinchi xatboshisi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblanadi;

ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi «kontraktlar bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzi uzilguniga qadar rad etishga» degan so‘zlardan keyin «bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi;

4) 260-moddaning «g» kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«g) tovarning kuzatuv hujjatlaridan foydalanilgan holda:

yuridik shaxslar uchun va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar uchun qiymati eng kam oylik ish haqining o‘n baravarigacha bo‘lgan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda, bundan tovarlar tashqi savdo kontraktlari (shartnomalari, kelishuvlari) bo‘yicha majburiyatlarni bajarish doirasida olib o‘tilayotgan va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollar mustasno;

xorijdagi ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun mo‘ljallangan, ushbu tovarlarni deklaratsiyalash kunida rasmiy ayirboshlashning qiymati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha besh ming AQSh dollarigacha bo‘lgan ekvivalentdagi tovarlarni olib chiqishda, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

qiymati rasmiy ayirboshlashning ushbu tovarlarni deklaratsiyalash kunidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha bir ming AQSh dollarigacha bo‘lgan ekvivalentdagi tovarlarni umumjahon Internet tarmog‘ida onlayn do‘konlari orqali eksport qilish chog‘ida amalga oshiriladi».

7-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 yanvarda qabul qilingan O‘RQ–461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi 27-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar jumlasiga yuridik shaxslarni hamda yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va qonunda belgilangan tartibda yakka tartibdagi tadbirkor maqomini olgan fuqarolarni, shuningdek pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini qanoatlantirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir bo‘lmagan, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarni, agar pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyatlar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan bo‘lsa, bankrot deb topish to‘g‘risidagi ishlar kiradi».

8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtiradi;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlaydi;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta'minlaydi.

9-modda. Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Ushbu Qonunning 5-moddasi ushbu Qonun kuchga kirgan kundan e'tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.

Mavzuga oid