Sport | 16:10 / 29.07.2018
9614
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Runi Amerikadagi ilk golini urdi va burnini sindirib oldi

Foto: BBC Sport

Angliya terma jamoasining sobiq sardori, «MYu» safida uzoq yillar yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan va ayni vaqtda MLS chempionatida, «Di Si Yunayted» safida to‘p surayotgan Ueyn Runi «Kolorado»ga qarshi o‘yinda gol urdi.

O‘yin «Di Si Yunayted»ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yinning 33-daqiqasida Runi hisobni ochdi, u bu vaziyatda raqib darvozaboni, «MYu»dagi sobiq jamoadoshi Tim Hovard bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi va o‘z imkoniyatini ko‘kka sovurmadi. Bu uning Amerikadagi birinchi goli bo‘ldi.

82-daqiqada «Kolorado» hujumchisi Kellin Akosta hisobni tenglashtirdi, 90-daqiqada mehmonlar himoyachisi Niki Jyekson o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar davom etayotgan vaqtda Runi jarohat oldi. U raqib himoyachisi Aksel Soberg bilan to‘qnashib ketib, burnini sindirib oldi. Uning ko‘zlaridan ham qon oqdi. Futbolchining yuziga 5ta chok tikildi. Uning qachon to‘la tiklanishi hozircha ma'lum emas.

28 iyun kuni yangi klubi bilan shartnoma imzolagan angliyalik hujumchi 14 iyul kuni «Vankuver»ga qarshi o‘yinda debyut qilib, bir golga assistentlik qilgandi.

Ayni vaqtda Vashington sharafini himoya qiluvchi «Di Si Yunayted» Sharqiy konferensiya turnir jadvalida 18 o‘yinda 17 ochko jamg‘argan holda oxirgi o‘rinda bormoqda.

Ma'lumot uchun, Ueyn Runi — «Manchester Yunayted» klubi tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lgandi. U Manchesterda 13 yil davomida 250 gol urgan. Shuningdek, u Angliya terma jamoasining ham eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi, u milliy terma jamoa uchun 53 gol urgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid