Na Grizmann va na Neymar. «Real» va «Barselona» kimlarni sotib oldi?
Navbatdagi transfer bozori juda qizg‘in bo‘lishi kutilgandi. Birinchidan, futbol nahanglari «Real» va «Barselona»da navbatdagi avlodlar almashinuvi, Angliya grandlari doimiy poygani davom ettirmoqda, buning ustiga, jahon chempionatidan keyin bir qator yulduzlarning munozaralar markaziga chiqib olishlari taxmin qilingandi.
Antuan Grizmann, Eden Azar kabi futbolchilarning transferlari hal bo‘lgandek, Keyn, Saloh, Alli, Dibala, Mbappe kabi yangi davr yulduzlarining ham klub almashtirishi kutilayotgandi.
Amalda esa Krishtianuning kutilmaganda Turinga kelib qolganini aytmasa, bu safargi transfer bozori sokinlik bilan o‘tmoqda. Grizmann «Atletiko»da qoladigan bo‘ldi, «PSJ» yoki Angliya klublaridan yulduzlarni tortib olish endi hatto «Real»ga ham oson ish emasligi ko‘rinib qoldi. Natijada, biz ispan grandlarining bir qator kutilmagan transferlariga guvoh bo‘ldik.
Bir qaraganda, u qadar jalb qilmaydigan oddiy transferlar, ammo yaxshilab nazar solsak, bu yosh futbolchilar nafaqat kelajakda, balki shu mavsumdayoq yorqin o‘yin ko‘rsatishlari va futbol olamining yangi yulduzlariga aylanishlari mumkin.
ARTUR («Barselona») – 31 million yevro
«Barselona»ning mavsumoldi ilk nazorat o‘yini «Tottenhem»ga qarshi kechdi. Bu uchrashuvda jamoaning deyarli barcha yetakchi futbolchilari maydonga tushmagan bo‘lsa-da, muxlislar o‘yinni qoniqish bilan tark etishdi deyish mumkin. Chunki jamoa safiga endi kelib qo‘shilgan Artur debyut o‘yinidayoq juda chiroyli gol kiritib, barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Inesta, Paulino kabi futbolchilardan ayrilgan «Barselona» uchun bu yosh futbolchi yaxshigina o‘rinbosar bo‘lishi mumkin. To‘pni muomala qilishi, pas madaniyati bo‘yicha Artur xuddiki bir umr «La Masiya» o‘ynab yurgandek taassurot qoldirdi.
Artur Enrike Ramos di Oliveyra Melo. 1996 yilda tug‘ilgan. Markaziy yarim himoyachi.
«Goyas» klubi tarbiyalanuvchisi 19 yoshida «Gremio» akademiyasidan joy oldi, oradan bir yil o‘tib esa, Luish Filipe Skolari futbolchini asosiy tarkib o‘yinlarida sinab ko‘ra boshladi. 2017 yildan esa, u «Gremio»ning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. To‘pni yaxshi nazorat qila oladigan, maydon markazidagi yakkakurashlarda benazir bo‘lgan Arturni ispaniyalik yarim himoyachilar – Andres Inesta yoki Tiago Alkantaraga qiyoslashadi.
Demak, Inestaga o‘rinbosar qidirgan «Barselona» uchun Artur ayni muddao bo‘lishi mumkin. Libertadores kubogi sohibi bo‘lgan Artur bilan kelishuv shu yilning martidayoq amalga oshgandi. «Barselona» Braziliya klubiga futbolchi uchun 31 million yevro berishga rozi bo‘ldi. Bundan tashqari, kataloniyaliklar yana 9 million yevro turli bonuslar shaklida to‘lovlar qilishlari mumkin.
Artur Braziliya terma jamoasiga nomzodlardan hisoblanadi. Selesao tarkibida debyut qilish hali nasib etmagan bo‘lsa-da, yosh yarim himoyachi o‘tgan yili Tete tomonidan yig‘inlarga jalb qilingan.
ALVARO ODRIOSOLA («Real») – 30 million yevro
Odriosolani aksariyat futbol muxlislari aynan «Real»ga transfer qilinganidan so‘ng tanigan bo‘lishsa-da, La Ligani yaqinroq kuzatadiganlar uchun begona nom emas. Ispaniya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Lopetegi 2018 yilgi jahon chempionatiga boradigan tarkibda o‘ng qanot himoyasiga ikkinchi nomzod sifatida Ektor Bellerinni emas, aynan Alvaroni tanlaganining o‘ziyoq ko‘p narsadan dalolat beradi. Lopetegi «Real»ga kelgach esa, uning ilk transferlaridan biri aynan Odriosola bo‘ldi.
Madridliklar 22 yoshli futbolchi uchun turli bonuslardan tashqari 30 million yevro to‘lashdi. Ba'zi manbalarda hatto 40 million yevro haqida ham gap bormoqda. Agar u asosiy tarkibda o‘ynab ketsa, transfer qiymatiga yana 5 million yevro qo‘shilishi mumkin. O‘tgan yili ba'zi o‘yinlarda Karvaxal jarohat olgan paytda, uning o‘rnida aslida markaziy himoyachi bo‘lgan Nacho maydonga tushgandi. Endi ushbu chiziq uchun raqobat yanada ayovsiz bo‘lishi shubhasiz.
Alvaro 1995 yilning dekabrida tavallud topgan. Sosedadning «Real» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2017 yilning boshida La Ligada debyut qilgan himoyachi shu-shu jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi va bir yarim mavsumda 50dan ortiq o‘yinda maydonga tushib ulgurdi.
U Rossiyadagi chempionatda Ispaniya terma jamoasi tarkibida maydonga tushmagan bo‘lsa-da, avvalroq debyut qilib ulgurgandi va mundial boshlanmasidan o‘n kun oldin Shveytsariyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida gol urishga ham muvaffaq bo‘lgandi. 2017 yilda Ispaniya yoshlar terma jamoasi bilan birga Yevropa chempionatida qatnashib, kumush medalga sozovor bo‘lgan.
JUNIOR VINISIUS («Real») – 45 million yevro
Braziliyada uni yangi Neymar deb atashmoqda, «Real»dagilar esa Robino bilan bo‘lgani kabi omadsizlik yuzaga kelmasligiga umid qilishmoqda.
Ushbu transfer o‘tgan mavsum oxirida, Juniorning «Flamengo»dagi debyutidan hech qancha vaqt o‘tmasdanoq sodir bo‘lgandi va «Real» 17 yoshli futbolchini yana biroz vaqt Braziliyada tajriba to‘plashiga izn bergandi. 2000 yilda tug‘ilgan Junior Vinisius endi boshqa klublarga ijaraga berilmaydi, aynan «Real» tarkibida o‘sishda davom etadi. Shuningdek, hali jismonan yetuk bo‘lmagan va Yevropa futboliga begona bo‘lgan futbolchining adaptatsiya jarayonini ham imkon qadar yumshoq olib borish, kerak bo‘lganda «Kastilya»ga yuborib, o‘yin amaliyotini muntazam ushlab turish, Kazemiro, Marselo kabi braziliyalik futbolchilar yordamida Juniorning moslashishiga sharoit yaratish kabi masalalar ko‘rilmoqda.
«Murabbiy men imkon qadar darvozaga yaqinroq o‘ynashim kerakligi va doimo darvozabonga xavf solib turishim lozimligini aytdi», – dedi Madriddagi dastlabki kunlarda intervyu bergan Vinisius.
Junior Vinisius pozitsiya jihatidan chap qanot vingeri yoki o‘rni kelganda hujumchi ham bo‘lishi mumkin. Ya'ni, qaysidir ma'noda Krishtianu Ronalduning maydondagi o‘rniga mos keladi.
5 yoshida «Flamengo» akademiyasidan o‘rin olgan bolakay yuqorida aytilganidek, 2017 yilning mayida asosiy tarkibda debyut qildi va o‘sha o‘yin yakunlanishi bilan klub bilan 2022 yilgacha yangi shartnoma imzoladi. Oradan o‘n kun o‘tib esa, «Real» rasman Junior borasida «Flamengo» bilan kelishuvga erishilganini ma'lum qildi.
U Braziliyaning ham turli yoshdagi terma jamoalarida ham muvaffaqiyatli to‘p surgan. 17 yoshgacha bo‘lgan tarkibda 22 o‘yinda maydonga tushib, 19 gol urganining o‘zi ham Vinisius bekorga Neymar bilan tenglashtirilmayotganini ko‘rsatib turibdi.
MALKOM («Barselona») – 41 million yevro
Malkom Filipe Silva di Olivera 1997 yilning fevralida tug‘ilgan. «Korintians» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan hujumkor yarim himoyachi yuqorida tilga olingan nomlardan farqli ravishda, Yevropada o‘zini ko‘rsatishga ham ulgurdi. O‘tgan mavsum bo‘yi Malkom chiroyli gollar urishda davom etar, matbuot esa uni goh «Chelsi», goh «Manchester Yunayted» yoki «Arsenal» bilan bog‘lardi.
Ammo transferlar oynasi boshlangan paytda uning «Roma» bilan kelishuvi, transfer deyarli rasman e'lon qilinishga yaqin qolgani xabarlar ketidan, birdaniga futbolchi Barselonada paydo bo‘lib qoldi. Villiandan rad javobini olgan kataloniyaliklar tezkorlik bilan ushbu braziliyalik futbolchi transferini 41 million yevroga hal qilishdi. «Roma» esa, aeroportda qolib ketaverdi.
«Men «Barselona»ni faqat ular Messini bizga berishsagina kechiraman», – dedi Rim klubi prezidenti.
O‘z vaqtida Malkom bilan «Borussiya» ham qiziqqan, lekin u «Bordo» bilan kelishuvga erishgandi. Frantsuz klubi uni 5 million yevroga sotib olgan. Ikki yil davomida Malkom «Bordo»da porladi, so‘nggi mavsumda ayniqsa, u jamoaning asosiy yuragiga aylandi, ba'zida uning atigi 21 yoshda ekaniga ishonish qiyin edi.
Chapaqay bo‘lgan hujumchi asosan o‘ng qanotda harakat qiladi. Juda yaxshi dribling sohibi va u bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Fransiyada peshqadam futbolchilar safida bo‘ldi. Shuningdek, futbolchining uzoq masofadan ham kuchli zarba bera olish qobiliyatini e'tirof etish kerak. O‘tgan mavsumning o‘zida Malkom hisobida 5ta jarima maydoni tashqarisidan urilgan gol bor. «Barselona» tarkibida ikki tomondan Koutino va Malkomning bo‘lishi asosan «avtobus» qo‘yishga o‘rgangan raqiblar uchun yana bir noqulaylik tug‘diradi. Buni «Barselona»ning yana bir qurollaridan biri deyish mumkin.
Umuman u ikki mavsumda «Bordo» safida 20 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilishga erishgan.
Q.Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
11:53
«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
11:50 / 24.11.2024
«Siti» yana 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
10:01 / 10.11.2024