Jamiyat | 17:50 / 03.08.2018
24465
7 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchi maktabda tushlik qilishi qanchalik muhim?

Yaponiya ta'lim tizimi dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan ilg‘or fikrli kadrlarni yetishtirish oson bo‘lmagan, albatta. Bunga bir qancha omillar sabab bo‘lgan. Jumladan, o‘qituvchilarga yuqori oylik maosh, izzat-ikrom (kunchiqar mamlakatda o‘qituvchilarga alohida ehtirom ko‘rsatiladi), boy moddiy-texnik baza, qat'iy intizom va vatanparvarlik hissi.

Bular asosiy omillar qatoriga kiradi. Ammo ushbu omillarga poydevor bo‘lgan boshqa sabablarga ham e'tibor qaratish lozim. Birgina misol: yapon boshlang‘ich maktablarida o‘quvchilarning tushlik qilishiga katta ahamiyat beriladi. Hatto, Japanese School Lunch (1954 yilda) maxsus dasturi ham tuzilgan.

Unda bolalar qanday oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilishlari aniq belgilab qo‘yilgan. Dasturda sut va sut mahsulotlari juda muhim o‘rin tutadi. Bolalarni foydali va to‘yimli ovqat bilan ta'minlash maqsadida maktab shifokori va oshpaz maxsus taomlar ro‘yxatini tuzib chiqishadi. 45 daqiqalik tanaffusda o‘quvchilar sinfxonaning o‘zida ovqatlanishadi. Bu ancha vaqtni tejaydi. Eng qiziq va ahamiyatli jihati shundaki, bolalar maktab hovlisida yetishtirgan poliz ekinlaridan taom tayyorlanadi. O‘quvchilar mehnatsevarlikka, tabiatni asrash, uning ne'matlarini uvol qilmaslikka o‘rgatiladi.

Bizda-chi? Ahvol qanday? Xalq ta'limi tizimi maktab o‘quvchilarining tushlik qilishiga qay darajada e'tibor bermoqda? Tizimda qanday yutuq va kamchiliklar bor? Haqiqiy vaziyatni o‘rganib chiqish uchun o‘qituvchilar, ota-onalar, shifokorlar bilan suhbat o‘tkazdik, xilma-xil fikrlarni eshitdik, foydali takliflar ham bildirildi. 

Toshkent shahar Uchtepa tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi maktab-bog‘cha bo‘limi katta hamshirasi Gulnora Ziyoyeva:

«Biz maktablarda bolalar sog‘lig‘ini nazorat qilamiz. Nima uchun bolalar juda nimjon, degan savol qo‘yiladi. Ular kunning ko‘p qismini maktab binosida o‘tkazishadi, aqliy mehnat bilan shug‘ullanishadi. Natijada bola organizmi toliqadi, to‘yimli oziq-ovqatga ehtiyoj sezadi. Hozirgi paytda hamma maktablarda ham oshxonalar talabga javob bermaydi, afsuski. Issiq ovqat o‘rniga yengil hazm bo‘ladigan, quruq bulochka, fast-fud, gazli ichimliklar sotiladi. Maktab oshxonasi oshpazlaridan buning sababini so‘raganimda, talabdan kelib chiqib ushbu mahsulotlarni sotishayotganini aytishadi. Ko‘plab maktablarda aniq reja, chora-tadbirlar majmui yo‘q. Bu muammoni hal qilish uchun bir nechta takliflarim bor. Birinchidan, malakali oshpazlar va diyetolog-shifokorlar guruhi shakllantirilib, respublika umumta'lim maktablari uchun yagona maxsus taomnoma tuzish kerak. Bunda, albatta, ota-onalar va o‘quvchilar talabi hisobga olinsa yaxshi bo‘lardi. Xalq ta'limi vazirligi o‘quvchilarning ovqatlanishini nazorat qiladigan guruh shakllantirilishi kerak, deb o‘ylayman. Shundagina bolalardagi ayrim kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz».

Umumiy amaliyot shifokori Dildora Qodirova:

Maktab o‘quvchilarining asosiy vaqti maktabda o‘tadi. Shuni hisobga olib, 2 mahal ovqatlanish tartibini joriy qilish kerak. Birinchisi, soat 10.00da yengil hazm qiladigan mahsulotlar (xo‘l meva, pechene, pishloq, sut, qaynatilgan suv)ni iste'mol qilinsa, judayam foydali bo‘ladi va asosiy ovqatlanish vaqtigacha (tushlik) qorinni to‘q tutadi. Tushlik, odatdagidek, soat 12.00da bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Bunda birinchi suyuq ovqat (oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini oshiradi), ikkinchi navbatda quyuq taom (organizmni quvvatlantiradi) va albatta, meva sharbatlari yoki qaynatilgan suvdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, ota-onalarda noto‘g‘ri tushuncha borki, bolalari issiq ovqatdan ko‘ra, ko‘chada yengil hazm bo‘luvchi bulochka (arzon va «to‘yimli») iste'mol qilgani ma'qul. Ikkalasi ham to‘yish hissini paydo qiladi, lekin oshqozonda hazm qilish jarayoni har xil kechadi. Yengil hazm bo‘luvchi mahsulotlarda organizm uchun foydali elementlar mavjud emas. Doimiy ravishda shunday yengil ovqatlanish oqibatida, oshqozon kasalliklari, yod yetishmovchiligi, xotira pasayishi, uyqusizlik va boshqa asoratlar kelib chiqadi.

Ushbu mavzuda ota-onalar va o‘qituvchilar bilan ham suhbatlashdik. Ular ham takliflarini berishdi. Jumladan, o‘qituvchilardan biri maktablarda tushlik tashkil qilinishi mumkin, ammo ota-onalarga bu ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarishini aytdi. Maktab majlislarida ushbu masala ko‘tarilganda, ko‘pchilik ota-onalar rad javobini berishgan ekan. Yana bir maktab direktorining aytishicha, maktabda darslar faqat bir smenada tashkil qilinsa, tanaffus vaqtini uzaytirish imkoniyati bo‘ladi va issiq ovqat yeyishlari mumkin bo‘ladi. Ko‘pincha tanaffus qisqaligi bemalol ovqatlanishga xalaqit beradi.

Ota-onalarga ham quloq tutganimizda, buni mablag‘ masalasiga bog‘lashdi. Ba'zilar har kuni tushlik pulini berishga qurbimiz yetmaydi, degan bo‘lsa, yana bir guruh ota-onalar maktab ma'muriyati ovqatni to‘g‘ri tashkil qilib bersa, ovqat tarkibi bilan tanishtirilsa, buni bajonidil qabul qilamiz, deyishdi. Maktabgacha ta'lim muassasalaridagidek ovqat uchun olinadigan oylik to‘lov tizimini maktablarga joriy qilish taklifi ham bildirildi.

Umumiy xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Yaponiya tajribasini tadqiq etish juda katta samara beradi. Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarning maktabda tushlik qilishlari bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilishi lozim. Shuningdek, ota-onalar va bolalarga tibbiy madaniyat tushunchasini singdirish kerak. O‘z vaqtida, to‘g‘ri va sifatli ovqatlanish tartibi qanday ekanligi borasida dars o‘tish yaxshi natija beradi. Qo‘shimcha qulaylik har doim pullik bo‘ladi. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Ba'zida ota-onalarning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Kunlik beriladigan 2-3 ming so‘mga issiq ovqat sotib olib bo‘lmaydi, albatta. Balki, shuning uchun ham barcha maktablarda issiq ovqatga talab kamdir. Lekin gap farzandingiz haqida ketar ekan, juda e'tiborli bo‘lishingiz lozim, aziz ota-onalar. Zero, sog‘lom farzand tarbiyasida «eng kichik» jihat ham o‘ta muhim. Dilbandingiz kelajakda sog‘lom va har tomonlama yetuk bo‘lib voyaga yetishi uchun hozirdanoq harakat qiling.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid