O‘zbekiston | 23:35 / 05.08.2018
13013
2 daqiqa o‘qiladi

Bulung‘urda o‘tkazilgan viloyat hokimi sayyor qabulida 246 ta masala yuzasidan murojaatlar eshitildi

Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Bulung‘ur tumanidagi Kildon sanoat kasb-hunar kollejida sayyor qabul o‘tkazdi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, sayyor qabulda viloyatdagi mutasaddi idoralar rahbarlari ham qatnashgan.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

Viloyat hokimi har bir murojaatni diqqat bilan eshitib, o‘rtaga tashlangan masalalarni o‘z o‘rnida, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan muammolarni qisqa fursatda hal etish choralarini ko‘rdi. Mutasaddi rahbarlarga muddati belgilangan holda qat'iy vazifa va topshiriqlar berildi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

— Onam nogironligi tufayli «Mehribonlik uyi»da katta bo‘lganman, — deydi «Xo‘jabachcha» mahallasida yashovchi Quvondiq Safarov. — Uy-joy qurishga imkoniyatim yetmayapti, onamga ham nafaqa tayinlanmagan. Shu masalalarda yordam so‘radim. Viloyat hokimi shu yerning o‘zida tegishli o‘rinbosariga masalalarni ijobiy hal qilishni topshirdi.

Qabul davomida aholi tomonidan qishloqlarda maktabgacha ta'lim muassasalari tashkil etish, yo‘llarni ta'mirlash, toza ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash, kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uy-joy bilan ta'minlash singari 246 ta masala yuzasidan murojaatlar tushdi.

Sayyor qabuldan so‘ng viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari mahallalarga borib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

Mavzuga oid