Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda avtobus bilan to‘qnashuv sodir etgan inkassatorlik mashinasi haydovchisi ikki yarim yilga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi avtobus bilan to‘qnashuv sodir etgan inkassatorlik mashinasi haydovchisiga ikki yilu olti oyga ozodlikdan mahrum qilish va ikki yil davomida avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etish jazosini tayinladi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi media markazi xabar qildi.
Inkassatorlik mashinasi va 72-yo‘nalishdagi yo‘lovchi avtobusi o‘rtasidagi yo‘l-transport hodisasi 15 fevral kuni «Minor» metro bekati yaqinidagi chorrahada sodir bo‘lgandi.
Inkassatorlik mashinasini O‘zbekiston Markaziy banki respublika inkassatsiya xizmati haydovchisi Ravshan Rasulov boshqargan bo‘lib, transport vositasi yo‘l-patrul xizmati xodimlari kuzatuvidagi kolonna tarkibida Osiyo ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan. YPX avtomobili qizil chiroqda o‘tgan, ammo boshqa mashinalarni o‘tkazib yuborish uchun to‘xtagan. Inkassatorlik mashinasi esa harakatda davom etgan va avtobusga borib urilgan.
YTH natijasida 38 yildan buyon transport sohasida mehnat qilayotgan avtobus haydovchisi halok bo‘lgan. Avtobusda bo‘lgan yo‘lovchilarning sakkiz nafari turli darajadagi tan jarohatlarini olishgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi Saidolim Burhonov hukm chiqarishda Ravshan Rasulovning qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi va u oilaning yagona boquvchisi ekanligi hisobga olinganini ma'lum qildi. Jarohatlangan yo‘lovchilar ham unga nisbatan da'volari yo‘qligini bildirishdi.

Sud shuningdek 320 million so‘m miqdorida moddiy kompensatsiya undirish to‘g‘risida hukm chiqardi. Ravshan Rasulov xizmat vaqtida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygani sababli kompensatsiya Markaziy bank respublika inkassatsiya xizmatidan undiriladi.
Mavzuga oid
21:28 / 22.05.2025
Toshkentda yo‘lovchilar avtobus harakatiga to‘sqinlik qilgan avtomobil haydovchisini jazoladi
20:24 / 20.05.2025
Sergeli va Yunusobodni tezyurar avtobus yo‘lagi bog‘laydi. Loyiha qiymati – 50 mln dollar
19:08 / 13.05.2025
Toshkentda avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasidagi birinchi tezyurar yo‘lak qurilishi boshlanadi
14:39 / 13.05.2025