O‘zbekiston | 20:55 / 06.08.2018
60746
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyada gumonlanayotgan hokim hali ham senatorligicha qolmoqdami?

Avvalroq Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar qilingandi. O‘rganishlardan ma'lum bo‘lishicha, u hali ham senat a'zosi hisoblanadi.

Endi holatga huquqiy jihatdan e'tibor qaratamiz.

Qonunchilikka ko‘ra, senatorning vakolatlari sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda muddatidan ilgari tugatiladi. Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev hozirda qo‘lga olingan, ammo sud jarayoni bo‘lib o‘tgani yo‘q. Demak u hali-hanuz senat a'zosi.

Ikkinchidan, senator o‘zining vakolatlari muddati mobaynida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi. Senat a'zosi tegishli palataning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas. Umid qilamizki, u qo‘lga olinayotgan chog‘da huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari parlament roziligini olishgan.

Uchinchidan, senatorni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi masala O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli palatasi tomonidan o‘n kun ichida hal etiladi. Bu masala hozircha ochiqligicha qolmoqda.

Senatning rasmiy saytida senatning roziligi yoki sobiq hokimning daxlsizlik huquqidan mahrum etilgani haqida ma'lumot topolmadik.

Mavzuga oid