Dunyoning eng qimmat darvozaboni Kepa. Kim o‘zi u?
Kepa Arrisabalaga nomini ko‘pchilik kecha, «Chelsi» uni darvozabonlar uchun futbol tarixidagi rekord summa – 80 million yevro evaziga sotib olganidagina eshitishdi. Uch haftagina oldin Buffonning 17 yillik rekordini buzgan Alisson taxtda uzoq turmadi. Kepa endi nafaqat futbol tarixidagi eng qimmatbaho darvozabon, shuningdek, ispaniyalik futbolchilar ichida ham bu reytingning eng yuqorisiga chiqib oldi. U Alvaro Morata va Diyego Kostani (66 million yevro) qimmatbaho ispan futbolchilari ruyxatidan pastga tushirib yubora oldi.
Umuman olganda, «Atletik»ka qoyil qolish kerak. Bilbaoliklarning so‘nggi yillardagi transferlariga bir qarang: 2012 yilda Xavi Martines uchun 40 million yevro, Ander Errera uchun 36 million yevro, Emerik Lyaport uchun 65 million, Kepa uchun 80 million yevro. Dunyo futbolida u qadar yulduz bo‘lib tanilmagan 4 nafar futbolchi uchun 221 million yevro. «Atletik» menejmentiga faqat qarsak chalish mumkin.
Aslida Kepa u qadar «noneym» emas, u La Liga muxlislariga, ayniqsa, «Real» ishqibozlariga tanish. Aynan «Real»ning bu darvozabonga qiziqishi uning narxini shu qadar osmonga sapchitib yuborganini balki bilmasangiz kerak. Gap shundaki, «Real» bu darvozabon bilan yanvarda ham qiziqib ko‘rgan va hatto Kepa Madridda tibbiy ko‘rikdan ham o‘tgandi. Ammo so‘nggi pallada Zidan bu transferga «veto» qo‘ydi. U mavsum davomida asosiy darvozabonni o‘zgartirishni istamagandi.
Bundan tashqari, ushbu transferning sodir bo‘lmagani haqida boshqa versiyalar ham bor. Ba'zilar, aslida darvozabonning o‘zi «Real»ga o‘tishni istamaganini aytishadi.
«Men bunday qarorni qabul qilishdan oldin obdon o‘ylashim kerak edi. Faoliyatimning eng muhim bosqichida aynan qaysi yo‘ldan ketishim kerakligi haqida o‘yladim, oilam, yaqinlarim bilan maslahatlashdim, barchasini taroziga solishim kerak edi» – deb javob beradi Kepa undan Madridga o‘tmagani sabablari haqida so‘ralganda.
Natijada «Atletik» Kepa Arrisabalaga bilan yangi 2025 yilgacha muljallangan shartnoma tuzdi va natijada belgilangan 20 million yevrolik tovon puli 80 millionga ko‘tarildi.
Qizig‘i, bu voqeadan bir necha oy o‘tib, darvozabon o‘ziga xos uslubda madridliklardan «qasdini olgandi». «Santyago Bernabeu»da kechgan o‘yinda u «Atletik» libosida shu qadar ajoyib seyvlarni amalga oshirdiki, «Real» kimni qo‘ldan chiqarganini his qilgan bo‘lsa kerak. O‘sha o‘yin 1:1 hisobida yakunlangan, «Atletik» Madriddan bir ochko olib ketishga muvaffaq bo‘lgandi.
Xo‘sh, 23 yoshli eng qimmat darvozabon Kepa Arrisabalaga kim o‘zi?
Kepa Arrisabalaga Rivuelta 1994 yilning 21 noyabrida Basklar yurtining Ondarroa shaharchasida tug‘ilgan. 9 yoshidan boshlab «Atletik» sistemasidan joy olgan Kepa tezlik bilan turli yoshdagi jamoalarda ko‘tarilib bordi. Ikki yil ikkinchi diviziondagi ijara mavsumlaridan so‘ng, u 2016 yilning sentabrida asosiy tarkibda debyut qildi va ilk o‘yinidayoq o‘z darvozasini daxlsiz saqlay oldi. O‘sha 2016/17 yilgi mavsumdagi 23 o‘yinda Kepa darvozasiga atigi 22 gol urildi, o‘rtamiyona jamoa darvozaboni uchun juda yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Turnir jadvalida 16-o‘rinni olgan «Atletik» 5-o‘rindagi «Vilyareal»dan kam gol o‘tkazib yuborgani, albatta, Arrisabalaganing xizmatidir.
«Uning reaksiyasi juda yuqori, pozitsiyani juda yaxshi tanlaydi. Uning harakatlarida o‘ziga bo‘lgan ishonch sezilib turadi, bu esa, sheriklariga ham ijobiy ta'sir qiladi» – deydi u haqida «Barselona» bosh murabbiyi Ernesto Valverde. Aynan uning qo‘l ostida Kepa 21 yoshida «Atletik»da debyut qilgan edi. Keyingi, 2017/18 yilgi mavsumda esa, Kepa seyvlar soni bo‘yicha ligada uchinchi o‘rinni egalladi. U o‘tgan mavsumda ikkita penaltini qaytargan, jarima maydoni ichidan yo‘llangan 64 zarbani bartaraf etgan. Shuningdek, uning uzoq masofalarga uzatgan 368ta pasi aniq yetib borgan.
Valverdening gaplarini «Atletik» yarim himoyachisi Mikel San Xose ham quvvatlaydi: «U ajoyib darvozabon. U doim xotirjam, bu esa bizga ham xotirjamlik olib keladi. Biz uni hech qachon asabiy yoki ishonchsiz holatda ko‘rmaganmiz».
«Men unga bir yil oldin e'tibor bergandim», – deydi «Chelsi»ning yangi murabbiyi Maurisio Sarri, - «mening ilk taassurotim – u juda yaxshi darvozabon, hali juda yosh, lekin juda yaxshi darvozabon».
Uning yana bir ustunligi oyoq bilan juda yaxshi o‘ynay olishidar. Aytishlaricha, 14 yoshgacha bo‘lgan jamoada jarohatlar ko‘payib ketgach, Kepa maydonda ham harakat qilishiga to‘g‘ri kelgan va hatto ikki gol muallifi bo‘lgan ekan.
Katta futboldagi atigi ikki mavsum Kepa Arrisabalagaga Ispaniya terma jamoasiga nomzod bo‘lishiga kifoya qildi. Aslida gap faqat «Atletik» safidagi o‘yinlarda emas, u o‘smirlik davridan turli yoshdagi terma jamoalarga jalb qilib kelinadi. Yoshlar o‘rtasidagi 2012 yilgi Yevropa chempionatida u qahramonlardan biri bo‘lgandi. Ispaniyaning g‘alabasi bilan yakunlangan o‘sha turnirda Kepa asosiy darvozabon bo‘lgan va Kepaning fransuzlarga qarshi yarim finalda penaltilar seriyasidagi ajoyib o‘yini Ispaniyani finalga olib chiqqandi. Asosiy terma jamoadagi debyut o‘tgan yilning oxirlarida sodir bo‘ldi. U Kosta-Rikaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida (5:0) «qizil furiya» libosini kiydi.
Kepaning dunyoning eng qimmat darvozaboniga aylanishida «Real»ning ham ta'siri bor deb yuqorida aytildi. Bu hali hammasi emasdi, madridliklarning «Chelsi» darvozaboni Tibo Kurtuani o‘z tomonlariga og‘dirib olishlari «Chelsi»ning pulni ayamasdan sarflashiga zamin yaratdi. Oxir-oqibat Kurtuaning ketishga qaror qilishi «Chelsi»da zudlik bilan darvozabon masalasini hal qilish zaruriyatini paydo qildi. Balki shuning uchun Kepaning transferini ko‘proq «dovdirash»ga yo‘yayotganlar juda ko‘p.
Lekin aytish mumkinki, narx haqidagi gaplar asosan bugungi kun uchun, ertaga Kepa «Chelsi» darvozasida ishonchli o‘ynay boshlasa, esdan chiqadi. Narxdan qat'i nazar biror bir xaridning omadli transfer deb atash uchun futbolchining yangi jamoasidagi o‘yinlari eng asosiy omil bo‘lib hizmat qiladi. Demak hali Kepa o‘z so‘zini aytgani yo‘q.
Q.Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
14:31 / 02.11.2024
«Arsenal»da yana jiddiy raqib, Husanov «PSJ»ga qarshi, «Chelsi» «Old Trafford»ga boradi - uikend anonsi
12:56 / 22.09.2024