Jamiyat | 16:10 / 13.08.2018
30450
10 daqiqa o‘qiladi

O‘ksimang, sil bedavo emas! Silni yengib o‘tgan va silga chalinganlarga yordam qo‘lini cho‘zayotgan inson qissasi

Sil (tuberkulyoz) haqida nimalarni bilamiz? Uni yengib o‘tib, sog‘ayib ketish mumkinmi? Sil bilan xastalangan insonning jamiyatdagi keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

Bugungi maqolamizda silga yo‘liqqan, ammo, uni yengib o‘tib, to‘liq sog‘ayib ketishga muvaffaq bo‘lgan, keyingi faoliyatida esa sil bilan xastalanganlarga yordam qo‘lini cho‘zishni o‘z maqsadiga aylantirgan inson, Sarvar Otajonov haqida suhbatlashamiz.

Sarvar Otajonov Xorazm viloyati, Xonqa tumanida istiqomat qiladi. Oilalik, ikki nafar qizini tarbiyalamoqda. Ikki yil oldin u oila boqish, ro‘zg‘or tebratish ilinjida Rossiyaga ishlagani ketadi. U yerda juda murakkab sharoitlarda mehnat qilib, og‘ir xastalik - silga chalinadi.

«Men qisqa muddat davomida Rossiyada ishladim. Mehnat sharoitim juda og‘ir edi. Hatto zax yerto‘lada yashashga majbur bo‘ldim. Natijada, sog‘ligim yomonlashdi. Dastlab qisqa yo‘tal, holsizlanish, isitmamning ko‘tarilishi meni xavotirga sola boshladi. Ishsiz qolishimdan qo‘rqib, sog‘ligimga ahamiyat bermadim. 1 oy ichida yo‘talim kuchayib, ishtaham yo‘qoldi. Tez-tez isitmalab, madorsizlana boshladim. Natijada, uyga qaytishga majbur bo‘ldim» - deydi Sarvar.

O‘zbekistonga qaytib kelgach, Sarvar sil kasalligiga chalinganini aniqlaydi. Bu esa uni dahshatga soladi.

«Uyga qaytib kelgach, shifokorlarning ko‘rsatmasi bilan analiz topshirdim va menda sil kasalligi borligini bildim. Bu meni qattiq ruhiy tushkunlikka soldi. Endi nima bo‘ladi, oila-a'zolarim, turmush o‘rtog‘im menga qanday munosabatda bo‘ladi, ayniqsa qo‘shnilar nima deydi, degan savollar xayolimda aylanaverdi».

Shundan so‘ng, Sarvar shifoxonada 2 oy davolandi. Davolanish asnosida u deyarli har kunida o‘zining holatini nazorat qilar, shifokor tavsiya qilgan dorilarni muntazam ichish natijasida o‘zidagi sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni yon daftarchasiga qayd qilib borar edi. Nihoyat, chehrasida o‘zgarish bo‘lib, ishtahasi ochilib, kun sayin ahvoli yaxshilanayotganligini his qildi. Sarvarni davolovchi shifokor 57-kuni uning oldiga kirib, bu kasallikdan butunlay tuzalganligini aytadi. Buni eshitgan Sarvarning ko‘zlarida yosh qalqidi...

Sil kasalining azoblarini o‘z boshidan o‘tkazgan, bu kasallikka qarshi kurashib, uni yengib o‘tgan Sarvar boshqalarga ham yordam qo‘lini cho‘zishga qaror qildi.

«Bu kasallikni davolash uchun har bir fursat g‘animat. Demak, yangi kelgan bemorlarga ham bu kasallikning davosi borligi haqida tushuntirib, boshqalarga ham yordam berishim kerak», degan xulosaga bordi.

Bugungi kunda Sarvar AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) silga qarshi kurash bo‘yicha dasturining Xorazm viloyati Multidistsiplinar komandasida (MDK) autrich bo‘lib ishlamoqda.

U xorijga chiqib kelgan fuqarolar, mehnat migrantlari bilan uchrashib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga, analiz topshirishga targ‘ibot qilmoqda, tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

«Hozir MDK tarkibida autrich bo‘lib ishlayman, vazifam - xorijda ishlab kelgan mehnat migrantlari bilan uchrashish, ular bilan suhbatlashish, ahvolini o‘rganish hisoblanadi.

Xorijda bo‘lib kelgan shaxslar uch kun ichida o‘z ixtiyori bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Ammo, ko‘pchilik bu tavsiyaga e'tiborsizlik qiladi. Men mahalla qo‘mitasi a'zolaridan xorijdan qaytganlarning ro‘yxatini olaman. Keyin, ularning uyiga borib, suhbatlashaman. Xavfli kasalliklar borligi, ularni aniqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish lozimligini, aks holda, kasallikni oila a'zolari ham yuqtirib olishini, ular ham jabrlanishini tushuntiraman. Ko‘p hollarda bu o‘z samarasini beradi».

Sarvar Otajonov so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida u mehnat migrantining ahvoli, yashash tarzini o‘rganadi. Tashqi ko‘rinishidan sil kasali alomatlari bor-yo‘qligiga e'tibor qaratadi.

«Uchrashuv chog‘ida xorijda bo‘lib kelgan hamyurtimizning ahvoliga e'tibor qarataman. Ba'zan, oddiy savol-javoblar orqali sil alomatlarini aniqlash mumkin bo‘ladi. Uzoq davom etayotgan yo‘tal, balg‘am ajratish, isitmaning ko‘tarilishi, tungi terlash, holsizlanish, ishtaha susayishi, vazn yo‘qotish, ko‘krak qafasda og‘riq, qon tuflash - mana shular silning alomatlaridir. Uni darhol tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, analiz topshirib, rentgenga tushishga ko‘ndiraman.

Ba'zi hollarda tashqi ko‘rinishidan silni aniqlashning imkoni bo‘lmaydi. Sil kasalligining juda ko‘p turlari mavjud. Ularning ba'zilari hech qanday alomat ko‘rsatmaydi. Odam soppa-sog‘dek yuraveradi, ammo, oilasi, atrofdagilarga sil kasalligini yuqtiraveradi. Shuning uchun ham, xorijga chiqib kelganlarning barchasiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish tavsiya qilinadi».

Ayni paytda, Xorazm viloyatining barcha tumanlari poliklinikalarida maxsus silga qarshi kurash kabinetlari bor. U yerda fuqarolar bepul analiz topshirishi, rentgenga tushishi mumkin. Bunda fuqaroning shaxsi sir saqlanadi va hech kimga oshkor qilinmaydi.

Sarvar Otajonov so‘zlariga ko‘ra, sil bedavo kasallik emas, uni vaqtida aniqlab, tegishli muolajalardan to‘liq o‘tish darkor. Shunda silni yengib o‘tish mumkin bo‘ladi, bunda inson to‘liq sog‘ayib ketadi.

«Asosiy muammolardan biri - odamlarning dunyoqarashidir. Xalqimiz orasida silga yo‘liqqan odamlarga nisbatan munosabat o‘zgacha bo‘lgan. Bu esa sil kasalligiga chalinganlarga ruhan yomon ta'sir qiladi. O‘zim guvohi bo‘lganman, silga chalingan ota davolanishdan bosh tortdi. Uch qizim bor, ularni uzatishim kerak axir, sil dispanseriga bormayman, deb turib oldi. Agar sil ekanimni bilishsa, hech kim men bilan aloqa qilmaydi, deb qo‘rqdi.

Yoki 20 yoshli yigitcha. Sil dispanserida davolansam, hech kim menga qizini bermaydi, deb kuyundi. Oilada sil kasali aniqlangan kelindan voz kechib yuborilmoqchi bo‘lgan holatlarni ko‘rdik. Yosh oilaning turmushi buzilishiga sal qoldi. Yoki bo‘lmasa, oila boquvchisi hisoblangan ota. U dispanserda davolansam, oilamga kim qaraydi, kim ularni boqadi, deb bosh tortishga harakat qildi.

Mana shularning hammasi bilan ishlaymiz, ularga tushuntiramiz. Har tomonlama yordam beramiz. Psixologimiz ular bilan suhbatlashadi, muammolarini hal etishga yordamlashadi.

Eng muhimi shuki, silni yengib o‘tish mumkin. Dispanserda 2 oy davomida davolanib, keyinchalik 4 oy davomida dorilarni o‘z vaqtida qabul qilgan odam mutlaqo sog‘ayib ketadi. Oilasi, qarindoshlari, do‘st-yorlari, jamiyat uchun mutlaqo xavfsiz shaxsga aylanadi. Davolanish va dorilar bemorlar uchun mutlaqo bepul».

Ayni paytda MDK tarkibida ftiziatr va infeksionist shifokorlar, psixolog, tibbiy hamshira, ijtimoiy masalalar bo‘yicha xodim va autrichlar faoliyat yuritmoqda. Guruhga Silga qarshi kurashish dispanseri bosh vrachi koordinatorlik qiladi.

MDK guruhida ijtimoiy masalalar bo‘yicha xodim Feruza Saipova so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ular sil kasalligiga chalinish ehtimoli yuqori bo‘lgan qatlam bilan faol ish olib borishmoqda.

«Komandamiz mehnat migrantlari, OITSga chalinganlar, sobiq mahkumlar, giyohvandlar bilan faol ishlaydi. Mahalla qo‘mitasi a'zolari, tibbiy hamshiralar bilan hamkorlikda ularning ahvolini o‘rganadi. Ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga, agar sil kasalligi aniqlansa, davolanishga undaydi. Muammolarini yechishga yordamlashadi. Ularni davolanishga rag‘batlantirish maqsadida, ba'zan motivatsion paketlar, ya'ni oziq-ovqatlar, gigiyenik vositalar bilan rag‘batlantiradi».

MDK psixologi Shahlo Qurbonova sil kasaliga chalinganlarga ruhiy yordam berish, ularni tushkunlikka tushib qolishini oldini olish, hayotga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirmaslikka harakat qilish bilan shug‘ullanadi.

«Sil kasalligiga chalinganini bilgan inson juda katta ruhiy zarbaga uchraydi. Biz unga har tomonlama psixologik yordam beramiz. Qattiq tushkunlikka tushib qolishining oldini olishga ko‘maklashamiz. Kasallik bilan yuzma-yuz, yolg‘iz qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bundan tashqari, ularda dori bilan davolanishga sodiqlikni shakllantirishga harakat qilamiz. Chunki, silni yengib o‘tishdagi muhim omil - dorini o‘z vaqtida, kechiktirmasdan qabul qilishdir».

Sil kasalligini boshidan o‘tkazgan, uni yengib o‘tgan 31 yoshli Sarvar Otajonov unga chalingan bemorlarni barvaqt aniqlash, ularni davolanishga taklif qilish va bu kasallikning davosi borligiga ishontirish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanmoqda. Chunki Sarvar bu kasallikni o‘z boshidan o‘tkazgan. U bunday bemorlar qanchalik mehr-muruvvatga, e'tiborga muhtojligini biladi, butun vujudi bilan his qiladi.

Sarvar xorijda bo‘lib qaytgan mehnat migrantlariga, o‘zida sil kasalligi alomatlarini sezgan, ammo nima qilishni bilmay, hayron bo‘lib turgan har qanday insonga yordam qo‘lini cho‘zish, ularga maslahat berishga tayyor (telefon raqami +998 99 964 0809).

Esda tutaylik, sil faqat o‘zimizga emas, balki oila a'zolarimizga, yaqin qarindoshlarimizga, do‘stlarimizga ham xavf solishi mumkin. Uni o‘z vaqtida aniqlab, zudlik bilan davolanish - kasallikka hech qanday imkoniyat qoldirmaydi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid