O‘zbekiston | 19:20 / 14.08.2018
37015
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident videoselektori. Hokimlarning investitsiya uchun xorijiy safarlari natijalari tahlil qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 avgust kuni mamlakatimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda hukumat a'zolari, davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Shu yil 19 iyulda qabul qilingan qarorga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 64 milliard dollar bo‘lgan 849ta loyiha ro‘yxati shakllantirildi. Davlat rahbari joriy yilda 5 milliard 800 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi zarurligini alohida ta'kidladi. 

Bu borada tartib-intizom va samaradorlikni ta'minlash maqsadida joriy yilgi loyihalarni amalga oshirish uchun nafaqat Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va tarmoq idoralari rahbarlari, balki Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar, qo‘mita raislari hamda Prezident maslahatchilari shaxsan mas'ul etib biriktirildi. 

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri barcha investitsiya loyihalariga umumiy rahbarlik qilish bilan birga 144 ta loyiha bo‘yicha, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari 18ta loyiha bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishiga bosh-qosh bo‘ladi. 

Videoselektorda qaysi rahbar qanday investitsiya loyihalariga mas'ul ekani, ularning qiymati va bajarilish muddatlari birma-bir muhokama qilindi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish holati bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi. 

Loyihalarni amalga oshirishga mas'ul har bir rahbar shu bo‘yicha jadval tayyorlab, har hafta hududga chiqishi, loyiha tashabbuskorlari bilan gaplashib, muammosi bo‘lsa, zudlik bilan hal etishi, loyihalarni doimiy ravishda monitoring qilib borishi zarurligi ta'kidlandi. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda loyihalar monitoringi bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish vazifasi qo‘yildi. 

«Agar loyihalarni amalga oshirish monitoringini avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazmas ekanmiz, bu boradagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlay olmaymiz. Bu tizim to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya kiritayotgan investorlarga amaliy ko‘maklashib, ularning ishini osonlashtirishi zarur», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan prezident matbuot xizmati

Yaqinda Jizzax viloyatida xalqaro investitsiya forumi va Tovar ishlab chiqaruvchilar milliy ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Jizzax viloyati hokimligiga mazkur tadbirlarni yuqori saviyada tashkillashtirish, har bir soha, tarmoq va hudud bo‘yicha maxsus taqdimotlar tayyorlab, namoyish etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar rahbarlarining xorijiy davlatlarga uyushtirgan xizmat safarlari natijalariga ham e'tibor qaratildi. 

Avval berilgan topshiriqqa muvofiq, Ishchi guruh tomonidan bu boradagi ishlar o‘rganilgani, xususan, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator muammolar aniqlangani qayd etildi. Ushbu hududlarda farmatsevtika, elektrotexnika va mashinasozlik sohasida keng imkoniyatlar bo‘lsa-da, asosan qurilish materiallari va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash loyihalari bilan cheklanib qolingani tanqid qilindi. Yuqori texnologik tarmoqlarga asoslangan loyihalar esa umuman yo‘q.

Ko‘pchilik delegatsiya a'zolarining maqsadli dasturi bo‘lmagani, chet elliklarga hududning iqtisodiy salohiyati bo‘yicha aniq ma'lumotlar bermagani, ayrim kelishuvlar qog‘ozda qolib ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Masalan, joriy yilning mart oyida Belgiyaga borgan Namangan viloyati delegatsiyasi Norin tumanida 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksini tashkil etish bo‘yicha 3 million dollarlik loyiha kelishuvini imzolagan. Biroq, oradan 5 oy o‘tganiga qaramasdan uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ish boshlanmagan.

Qator delegatsiyalar xizmat safari davomida shartnomalarning quruq soni ortidan quvayotgani, oqibatda ushbu bitimlar natijador bo‘lmay, o‘ta mavhum, madaniy-gumanitar xarakterga ega bo‘lib qolayotgani qayd etildi. 

Shu bois Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligiga mahalliy delegatsiyalarning xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari oldidan tashrifning maqsadi, taklif etilayotgan loyihalar va kutilayotgan amaliy natijalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazish tartibini joriy etish zarurligi ta'kidlandi. Xizmat safarida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha «yo‘l xaritalari» va tarmoq jadvallari ishlab chiqish hamda qat'iy ijro etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Mavzuga oid