O‘zbekiston | 22:04 / 14.08.2018
11313
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati delegatsiyasi Belarus va Tataristonda qator kelishuvlarga erishdi

Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov 7-9 avgust kunlari Belarus Respublikasining Minsk viloyatiga tashrif buyurdi.

Belarus bosh vazirining o‘rinbosari Mixail Rusiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent va Minsk viloyatlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki tomonlama munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Anatoliy Isachenko bilan uchrashuvda tomonlar turizm, tibbiyot, ta'lim sohasida mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish hamda sanoat sohasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdilar. 

“Bellegprom” konserni raisi Nikolay Yefimchik O‘zbekiston delegatsiyasi bilan muloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun tayyor ekanligini ta'kidladi hamda Toshkent viloyatida “Bellegprom” bilan hamkorlikda teri, paxta, jun va zig‘ir mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish taklifini berdi.

Tashrif doirasida Toshkent viloyatida "Belaz" xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish hamda Belarus Respublikasiga to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 20 million dollarlik shartnoma imzolandi.

Shuningdek, Toshkent viloyati hokimligi delegatsiyasi 9-10 avgust kunlari Tatariston Respublikasining Qozon shahriga ham tashrif buyurdi.

Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tatariston va Toshkent viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Rustam Minnixanov Toshkent viloyatida "KAMAZ" xizmat ko‘rsatish markazini hamda "XIMGRAD" texnoparki filialini tashkil etish niyatida ekanini, shuningdek, Toshkent viloyatining turar-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish, arxitektura va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi. 

Tomonlar Toshkent viloyatida “KAMAZ” servis markazini tashkil etishga kelishib olishdi. Qurilish ishlari avgust va sentabr oylarida boshlanadi. 

O‘zbekistonning Toshkent viloyatida birlashgan chorvachilik majmuini tashkil etish taklifi Tatariston vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.  

Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi Toshkent viloyatida tibbiy robot-simulyatorlar ishlab chiqarishni nazarda tutadigan "Eidos-Meditsin" kompaniyasi loyihasidir.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati mahsulotlarini Tataristonga va Tatariston mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga yetkazishni ta'minlash maqsadida maxsus tuzilma tashkil etiladi.

Mavzuga oid