O‘zbekiston | 12:50 / 15.08.2018
56062
2 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi dasturi ma'lum qilindi 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Toshkentga 17 avgust kuni tongda keladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov xabar berdi.

Mustaqillik monumentiga gul qo‘yish marosimidan so‘ng Ko‘ksaroyda davlat rahbarlarining muzokaralari boshlanadi. Muzokaralar avval tor, keyin keng doirada o‘tkaziladi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Kunning ikkinchi yarmida “O‘zekspomarkaz”da Tojikiston mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘ladi. Imomali Rahmon poytaxtdagi “Artel” zavodiga ham tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.

Shu kuni O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlarining ikki mamlakat san'at ustalari ishtirokida o‘tkaziladigan konsertda qatnashishi rejalashtirilgan.

Tojikiston Prezidenti 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Imomali Rahmon shu kuni Samarqandga tashrif buyurib, diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qiladi.

Qayd etilishicha, tashrif davomida dasturga o‘zgarishlar kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid