Sport | 09:30 / 19.08.2018
7993
2 daqiqa o‘qiladi

Messi – «Barselona»ning La Ligadagi 5000 va 6000-gollari muallifi

«Barselona» Ispaniya Primerasining birinchi turida «Alaves» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. «Kamp Nou»da kechgan uchrashuv maydon egalarining 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinning 64-daqiqasida kataloniyaliklar jamoasi yetakchisi Lionel Messi jarima zarbasidan hisobni ochdi. Bu gol «Barselona»ning Ispaniya chempionati tarixidagi 6000-goli bo‘ldi. O‘yin oxirida Messi yana bir gol urib, dublni rasmiylashtirdi.

Qayd etish kerakki, kataloniyaliklar klubining La Ligadagi 5000-goli ham aynan Messi tomonidan urilgandi. Bu golni ushbu argentinalik futbolchi 2009 yilning 1 fevralida, Primeraning 21-turida «Rasing» darvozasiga urgandi (2:1). O‘sha o‘yinda ham u dubl qayd etgandi.

«Barselona» Primerada 6000 gollik dovonni zabt etgan ikkinchi klub bo‘ldi. «Real» shu yilning fevralida Ispaniya chempionatlaridani 6000-golini urgandi. O‘shanda Marko Asensio «Betis»ga qarshi o‘yinda (5:3), «blankos»ning yubiley goliga muallif bo‘lgandi.

Bungacha «Barselona»ning yubiley gollari Markos Aurelio (1000-gol, 1950 yil), Pedro Sabalya (2000-gol, 1964 yil), Kini (3000-gol, 1982 yil) va Gilermo Amor (4000-gol, 1996 yil) kabi futbolchilar tomonidan urilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid