Sport | 18:00 / 21.08.2018
17508
3 daqiqa o‘qiladi

Taekvondo bo‘yicha kumush medal sohibi nimadan xafa bo‘lganini aytdi 

Ayni kunlarda Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida 18-marta tashkil etilgan Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqaga o‘zbekistonlik sportchilar ham ishtirok etishmoqda va jamoa hisobiga qator medallar qo‘shib borishmoqda. Ana shunday sportchilardan biri, O‘zbekiston taekvondo jamoasining -58 vazn toifasi vakili Niyoz Po‘latov kumush medal bilan taqdirlandi. U o‘tkazilayotgan musobaqa haqidagi o‘z taassurotlarini KUN.UZ tahririyati bilan bo‘lishdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

- Men Osiyo o‘yinlarida ilk bor ishtirok etdim. Bu men uchun katta sharaf. Bundan tashqari, men kuch sinashgan raqiblar juda kuchli edi, ular orasida jahon chempionlari ham bor edi, shu sabab bahslar oson kechmadi. Yutug‘imni Vatanimga, prezidentimga, ota-onam va meni duo qilib qo‘llab-quvvatlagan barchaga bag‘ishlayman. 

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Har bir sportchining ichida g‘olib bo‘laman, degan niyat yotadi. Men ham mana shu musobaqa oldidan finalga chiqishni juda istagan edim. Finalga chiqdim ham, ammo mag‘lubiyatga uchradim. Shohsupada turar ekanman, ichimdan ozgina xafagarchilik o‘tdi. Chunki birinchi o‘rinni qo‘lga kiritsam, O‘zbekiston bayrog‘i bundan ham balandda turar, mamlakatimiz madhiyasi yangrar edi. Bugungi xatolarimni to‘g‘irlab, keyingi musobaqalarda oltin medalni qo‘lga kiritish niyatim bor.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Keyingi yil Angliyaning Manchester shahrida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda qatnashib, sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritmoqchiman. Bundan tashqari, eng katta orzuim Olimpiadada qatnashib, sovrindorlar qatoridan joy olishdir, - dedi u.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Niyoz Po‘latov musobaqaning eng yosh ishtirokchilaridan biri, u endigina 19 yoshni qarshiladi. Bahslarda sportchi Niyoz Po‘latov nimchorak finalda Xitoy Taypeyidan tashrif buyurgan Hu Kuangyuni 30:28 hisobida, chorak finalda esa tailandlik Savekvihare Ramnarongni 23:21 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. U yarim finalda eronlik Ashur Zido Falloh Farzonni 15:13 hisobida (3:2, 5:2, 7:9) yenggan edi. Po‘latov oltin medal uchun bahsda janubiy koreyalik Kim Tayxunga qarshi chiqdi va 6:24 hisobida (1:2, 1:9, 4:13) imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Eslatib o‘tamiz, taekvondo bo‘yicha bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Dmitriy Shokin (+80kg) kumush medal, qizlar o‘rtasidagi bahsda esa Svetlana Osipova (+67kg) bronza medalni qo‘lga kiritishdi.

Indoneziyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlari bahslari 2 sentabrga qadar davom etadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid