Jamiyat | 00:12 / 22.08.2018
20785
7 daqiqa o‘qiladi

Xivaliklar murojaati: «Chanashik qishlog‘idagi yagona ariq ko‘milib ketyapti!»

Suv — inson hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ne'mat. Qishloq xo‘jaligida esa uning qiymati ba'zan oltindan ham qimmatroq.

Bugungi maqolamizda ariqlar ko‘milib borayotgani tufayli, suvsiz qolib ketayotgan, natijada, ro‘zg‘or tebratishda qiynalayotgan aholi dardi haqida gapiramiz.

Xorazm viloyati, Xiva tumani, «Chanashik» mahallasida istiqomat qiluvchi bir qancha hamyurtlarimizni shu muammo tashvishga solmoqda. Qishloq hududidan o‘tuvchi ariq aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan ko‘mib yuborilishi, uning ustida noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilishi natijasida, tobora yo‘qolib bormoqda. Natijada mahallaning chekkasida istiqomat qiluvchi aholining tomorqasiga suv yetib bormayapti.

Kun.uz Xiva tumani, «Chanashik» mahallasiga borib, vaziyatni kuzatdi, aholi bilan suhbatlashdi.

65 yoshli otaxon, mahallaning sobiq posboni Matchonov Otaboy so‘zlariga ko‘ra, mahalla hududidan o‘tuvchi va chekka joylardagi odamlarning tomorqasiga suv olib boruvchi ariq odamlar tomonidan ko‘mib yuborilmoqda.

«Mahallaning chekka hududlarida yashovchi odamlarning tomorqasi mana shu yagona ariqdan suv ichardi. Hozir esa bu ariq ko‘mib yuborilmoqda va yo‘qolib ketmoqda. Uning atrofiga odamlar turli daraxtlarni ekishgan, natijada, ariq kichrayib bormoqda. Oldin mana shu ariqdan nafaqat aholining tomorqasini, balki 75 ga yerni sug‘orish uchun foydalanilar edi. Ko‘plab rahbarlarga murojaat qildik, biroq, hech kim ariqni tozalatib beramiz degan so‘zdan nariga o‘tmayapti».

58 yoshli ayol Gavhar Matkarimova so‘zlariga qaraganda, ariq muammosi aholini juda qiynab qo‘ygan.

«Mahallamizning erkaklari xorijga ishlagani ketgan. Hozir bu yerda ayollar, yosh bolalar va qariyalar qolgan. Biz qanday qilib bu ariqni o‘zimiz qazib, chuqurlashtirishimiz mumkin. Oddiy traktor bir necha metr joyni qazib berish uchun 250 ming so‘m so‘raydi. Bunga qurbimiz yetmaydi».

Ayni paytda, «Chanashik» mahallasida «Obod qishloq» dasturi asosida obodonlashtirish, ijtimoiy-maishiy binolarni qurish ishlari boshlab yuborilgan. Ulardan biri, ya'ni mahalla qo‘mitasi binosi aynan shu ariqning ustiga to‘g‘ri kelib qolgan.

«Mahalla qo‘mitasi binosi ariq ustiga qurilmoqda. Tomorqamizga suv qayerdan boradi desak, «12 metrli quvur tashlanglar, shu orqali suv boradi», degan javobni oldik. Bunga mablag‘ni qayerdan olamiz? Nima uchun biz qurilish ishini o‘zimiz qilishimiz kerak? Daryo suvi loyqali, agar quvur tiqilib qoladigan bo‘lsa, uni ichiga kirib, qanday ochamiz?» — dedi ko‘p yillar davomida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Gavhar Matkarimova.

«Ariqlarga o‘rnatilgan quvurlarning ichiga loy yig‘ilib, tez-tez tiqilib qoladi. Ichiga yosh bolalarni kiritib, uni tozalab turishga majburmiz. Kattalar kirolmaydi, sig‘maydi. Agar 12 metr quvur tashlasak, buni qanday tozalaymiz?» — dedi Otaboy Matchonov.

Nafaqadagi 63 yoshli Jumaniyazova Roviyajon so‘zlariga ko‘ra, tomorqalarni sug‘orish imkoniyatining yo‘qolib borayotgani odamlarni xavotirga solyapti.

«Mana shu ariqdan 200ga yaqin uy-xo‘jaligi tomorqasi sug‘orilar edi. Odamlar shuning ortidan ro‘zg‘or tebratishardi. Aslida, bu katta ariq edi. Endi eni yarim metrga bormaydigan ariqcha bo‘lib qoldi. Ikki yildan beri bog‘larimiz suv ichmayapti, bolalarimizga meva yedirolmayapmiz».

70 yoshli Sora Nurmetova so‘zlariga ko‘ra, ikki yildan beri tomorqasiga suv bormayati.

«Ikki yildan beri bog‘imni sug‘ora olmayapman. Mana shu ariq tufayli aholi orasida bahslar, katta janjallar yuz bermoqda. Odamlarning bir-biriga munosabati yomonlashib ketmoqda».

Bugungi kunda tomorqaga ega bo‘lgan har bir oila undan samarali foydalanishi lozimligi, bir qarich yerini bekor qo‘ymasdan, uni ekib, hosil olishi lozimligini talab qilyapmiz. Qishloq aholisi bunga qarshi emas, aslida ularning maqsadi ham shu. Kichik tomorqasini ekib, undan sabzavotlar, poliz ekinlari hosilini olsa, meva-cheva yetishtirib, ularni sotsa, daromadi oshadi, ro‘zg‘ori tebranadi. Ammo, buning uchun suv kerak. Tomorqa ekinlari suv ichmasa, qilingan mehnatdan foyda yo‘q.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida sug‘orish tizimiga e'tibor ancha susayib ketdi. Mahalliy hokimiyat davlat mulkining muhofazasiga bo‘lgan e'tiborni pasaytirdi. Natijada, odamlar o‘z uyining oldidagi piyodalar yo‘lagi, qatnov yo‘li, umumxalq foydalanadigan ariqlarga, zahkash va sug‘orish kanallariga o‘zboshimchalik bilan ega chiqmoqdalar. «Bu mening hududim, demak bu mening mulkim, nima qilsam, shuni qilaman», deb o‘zi bilgancha ish tutmoqdalar. Oqibatda, uyi oldidagi piyodalar yo‘lagini to‘sib, o‘zboshimchalik bilan turli qurilish ishlarini amalga oshirish, yo‘llarni yopib, tomorqa, bog‘ga aylantirish, ariqlar, zaxkashlarni ko‘mib yuborish kabi holatlar ko‘payib ketgan. Mana shunday ishlar ortidan aholi o‘rtasida kelishmovchiliklar, noroziliklar, katta janjallar yuzaga kelyapti.

Mahalliy hokimiyat odamlarning davlat mulkiga, ya'ni umumxalq foydalanadigan mulkka nisbatan hurmatini tiklashi shart. Qatnov yo‘llari, piyodalar yo‘lagi, ariqlar ustini noqonuniy qurilishlardan, panjara va to‘siqlardan tozalash lozim. Zaxkash va boshqa kanallarni ko‘mib yuborayotganlarga qarshi qonuniy choralarni qo‘llash kerak. Agar davlat mulkiga bo‘lgan hurmat tiklansa, bunda nafaqat davlatning, balki barcha aholining manfaati himoyalangan bo‘ladi.  

Umid qilamizki, Xiva tumani «Chanashik» mahallasi aholisini qiynab kelayotgan bu muammo o‘zining ijobiy yechimini topadi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid