Braziliya futbolining bosh korruptsioneri 4 yilga qamaldi - u kim edi?
Braziliya futbol konfederatsiyasining (CBF) sobiq rahbari Joze Mariya Marin Nyu-York sudi tomonidan korrupsiyada aybdor deb topildi va 4 yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi. Hukm o‘qilgan paytda 86 yoshli mulozim ko‘z yoshlarini tiyib turolmadi.
Marin kim bo‘lgan, qanday ishlarni qilgan va nega bunday jazoga tortilgan? Rossiyaning «Chempionat.ru» sayti jurnalisti Grigoriy Telingater bu haqda maqola yozdi.
Joze Mariya Marin 1932 yilda San-Paulu shahrida tug‘ilgan. Sobiq futbolchi, siyosatchi, bir necha partiyalar a'zosi, shu shaharning gubernatori bo‘lgan.
Marin 2012-2015 yillar davomida CBF rahbari bo‘lib ishlagan. U o‘z lavozimidan foydalanib, futbol musobaqalari bilan bog‘liq homiylik va marketing shartnomalarini imzolash paytida 6,55 million yevro miqdorida pora olgan. Jinoyatlar AQSh hududida tayyorlangan va amalga oshirilgan, pullar Amerika banklari orqali o‘tkazilgan. Shu tufayli, Marin ishi bilan Nyu-York sudi shug‘ullandi.
Marin 2015 yil may oyida, Tsyurixda o‘tkazilgan FIFA kongressi paytida hibsga olingan 5 nafar mulozimdan biridir. Bu voqealar tufayli, bir necha kun oldin 5-muddatga qayta saylangan bo‘lishiga qaramay, Yozef Blatter FIFA rahbari lavozimini tark etgandi.
Marin 2012 yilda barchaning e'tiboriga tushgan noxush voqea «qahramoni»ga aylandi. U CBF vitse-prezidenti lavozimida ishlagan paytida, San-Paulu shtati o‘smirlar chempionati g‘oliblarini taqdirlash marosimida, medallardan birini cho‘ntagiga solgani telekameralar nigohiga tushadi. Natijada, «Korintians» o‘smirlar jamoasi darvozaboni medalsiz qoladi. Biroq, bu voqea uning lavozim zinapoyasida yuqorilashiga halal bermaydi. Oradan 2 oy o‘tgach, Marin CBF rahbari bo‘ldi.
2014 yili CBF qarorgohi Marin sharafiga nomlandi. Biroq, u hibsga olinganidan bir kun o‘tgach, qarorgoh nomi o‘zgartirildi.
Braziliyalik jurnalist Markes Dassler mulozimning hisbga olinishi uning vatanida qanday kutib olingani haqida gapirib berdi.
«Marin CBF prezidenti bo‘lganida, hamma hayron qoldi. U 2012 yildagi taqdirlash marosimida medalni o‘zlashtirib olgandi. Bundan tashqari, siyosatchi sifatida ham yomon taassurot qoldirdi, San-Paulu shahri gubernatori sifatida hech qanday yutuqlarga erisholmadi.
2012 yili u negadir Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Mano Menenzesni iste'foga chiqarib yubordi, vaholanki, jamoa natijalari yomon emas edi.
Uning qamoq jazosiga mahkum qilinishi – futbol uchun salbiy shaxs bo‘lganidan dalolat bermoqda. Braziliya jamiyati uning jazolanganini olqishladi».
Marin tergov chog‘ida 13 oy qamoqda o‘tirdi. Demak, u yana uch yillik umrini panjara ostida o‘tkazadi. 86 yoshga kirganini e'tiborga oladigan bo‘lsak, bu juda katta muddat...
Mavzuga oid
08:25 / 01.08.2024
Amerikalik 34 yillik qamoqdan keyin oqlandi
11:31 / 02.04.2024
Uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish amaliyoti joriy etiladi
18:53 / 06.11.2023
Farg‘onada ma’muriy qamoqqa olingan shaxs 2,5 kv/m’dan ham kichik kamerada saqlanayotganligi aniqlandi
17:12 / 16.10.2023