Jamiyat | 22:30 / 25.08.2018
286520
4 daqiqa o‘qiladi

Video: «Aurum 898» tungi klubi qo‘riqchilari Jamshid Kenjayev qanday o‘ldirilganini aytishdi

«Toshkent» telekanalining «Poytaxt-Vaziyat» dasturida «Aurum 898» tungi klubida yuz bergan fojiali hodisa haqida lavha berildi.

Lavhada aytilishicha, Jamshid Kenjayev 8 avgust kuni «China Town» kafesida bo‘lib, o‘z tanishining tug‘ilgan kuni munosabati bilan uyushtirilgan ziyofatda ishtirok etgan. U bu yerda spirtli ichimlik ichgan. Keyin, soat 23:30 atrofida tungi klubga borgan.

«Unda pichoq bo‘lgan. Uning qo‘lidagi pichoqni ko‘rgan qo‘riqchilar uni ichkariga qo‘yishmagan. Jamshid ularni eshitishni istamagan va ziddiyat yuzaga kelgan», - deyiladi lavhada.

Qayd etilishicha, Kenjayev ikki qo‘riqchiga oshxona pichog‘i bilan zarba bergan. Keyin qo‘riqchilar uning o‘zini kaltaklashgan. Bita, pichoq, oyoq va qo‘llar bilan yetkazilgan jarohatlar oqibatida Jamshid Kenjayev shifoxonada jon bergan.

«Tungi klubning 4 nafar qo‘riqchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 97 va 277 moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan», - deya ma'lumot bergan Toshkent shahri  prokuraturasida bo‘lim o‘rinbosari Farhod Boboniyazov.

Lavha davomida tungi klub qo‘riqchilari sportchini qanday pichoqlab qo‘yishgani haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

«U (Jamshid – tahr.) pichoq bilan zarba bergach, sherigimizni yiqitib olib, qo‘yib yubormadi. Uning qo‘lida pichoq bor edi, undan tortib olishning iloji bo‘lmasdi. Biz qo‘rqib ketgandik», - degan qo‘riqchilardan biri.

«U o‘ldiraman deb baqirardi. U janjalni davom ettirayotgandi. Keyin men undan pichoqni tortib olib, shok holatda unga pichoq tiqib qo‘ydim», deydi ularning yana biri.

Sayyor sud vaqtida jamoatchilik vakillari tungi klub qo‘riqchilari bu vaziyatda noqonuniy harakat qilishganiga urg‘u qaratishgan.

Reportajda qayd etilishicha, «Aurum 898» tungi klubi qo‘riqchilari og‘zaki kelishuv asosida ishga qabul qilinishgani, kuniga 60 ming so‘mdan ish haqi olishgani aytib o‘tilgan. Bundan tashqari, qo‘riqchilarga xizmat vaqtida bitalar, pichoqlar va boshqa turdagi qurollardan foydalanishga ruxsat berilgan.

Ayni vaqtda huquq-tartibot organlari tungi klub faoliyatini tekshirishmoqda.

Dasturda marhum sportchining o‘zi ham tanqid ostiga olingan — vakolatli organlar uning xatti-harakatlariga ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida baho berishi ma'lum qilingan.

«2006 yilgacha O‘zbekiston erkin kurash terma jamoasi a'zosi bo‘lgan Jamshid keyingi vaqtlarda ishsiz edi. U tez-tez spirtli ichimlik ichar, turli ko‘cha janjallarida ishtirok etar va o‘zi bilan pichoq olib yurardi. Afsuski, bunga hech kim e'tibor qaratmadi», - degan muxbir.

Mavzuga oid