Light | 22:30 / 26.08.2018
24540
5 daqiqa o‘qiladi

KUN.UZ bilan Tailandga sayohat (fotojamlanma)

Mehnat ta'tilini tropik orolda o‘tkazish va uzoq ekzotik mamlakat madaniyati bilan tanishish ko‘pchilikning orzusi bo‘lsa kerak. Ayniqsa, shaharning kundalik shovqin-suronidan charchaganingizda bunday maskanlarda hordiq chiqarish ayni muddao bo‘ladi. Dunyoda go‘zal maskanlar juda ko‘p. KUN.UZ muxbiri ularning birida bo‘lib, sizlar uchun Sharqiy Tailandning eng qiziqarli va diqqatga sazovor joylaridan fotoreportaj tayyorladi.

Sayohatimizni Ko Kud orolidan boshladik.

Ko Kud Kamboja yaqinida, Siam ko‘rfazi sharqida joylashgan. Ushbu tropik maskan muhitiga to‘liq moslashish uchun biz Soneva Kiri mehmonxonasining eng keng  villalaridan biriga joylashdik. Mehmonxonaning asosiy g‘oyasi "intellektual hashamat" tamoyiliga sodiqlik hisoblanadi. Ular o‘z vaqtlarining aksariyat qismini shahar sharoitlarida o‘tkazishadi, shuning uchun kompaniya xodimlari o‘z missiyalarini kishilarning kundalik hayotini chuqur tushunish va ular uchun yangicha, noyob, lekin maksimal qulay va yaqin sharoitlar yaratishda ko‘rishadi. 

Soneva Kiri hatto ko‘p sayohat qiluvchi kishilarga ham "Tabassumlar mamlakati"ga sayohatdan unutilmas taassurotlar qoldiradi. Kud orolining qalin o‘rmonlari, oppoq plyajlari va baliqchilar qishloqlari mehmonlarga yirik megapolislarda yetishmaydigan qulaylik va ichki xotirjamlik muhitini yaratadi. 

Sayohatimizning keyingi yo‘nalishi Chang oroli bo‘ldi. Chang oroli atrofidagi 53 orolcha bilan birga Mu Ko Chang dengiz qo‘riqxonasini hosil qiladi hamda Tailandning Pxuket va Samuidan keyin kattaligi bo‘yicha uchinchi oroli hisoblanadi.

Biz shuningdek Bang Bao baliqchilar qishlog‘ida bo‘ldik, u Ko Chang orolining janubi-g‘arbidagi shu nomli ko‘rfazda joylashgan. Ushbu tinch maskan azaldan noqulay ob-havo va bo‘ronlardan yashirinish uchun baliqchilarning sevimli joyiga aylangan va ular bu yerda o‘z uylarini qura boshlashgan.

Bang Baodan tuxminan ikki soatlik masofada yana bir jamiyat - Ban Salak Xok joylashgan. U yerda biz baliqchilarning hayotini kuzatib, o‘rmon go‘zalligidan zavq oldik va qayiqda unutilmas sayohat qildik. 

Sharqiy Tailand orollarini tadqiq qilishni mahalliy restoranda to‘yimli tushlik bilan yakunlab, "katta yer" - Chantxaburi provinsiyasi tomon yo‘l oldik. U yerga borishdan maqsad - 300 yil ilgari asos solingan Chantxaburi jamiyatini ko‘rish edi. Jamiyat a'zolari xitoycha-portugalcha me'moriy uslubda qurilgan uylarda yashashadi. Jamiyat yaqinida Chantaboon Riverside o‘quv markazi va Baan Luang Rajamaitri binosi joylashgan. Bu bino 2015 yilda madaniy-tarixiy merosni saqlab qolganlik uchun YuNeSKO mukofoti bilan taqdirlandi. 

Qadimiy shahar bo‘ylab sayohat qilar ekanmiz, qornimiz ochganini ham sezmay qolibmiz. Shu bois keyingi to‘xtash joyimiz shahar markazidagi eng yaxshi mahalliy restoranlardan birida joylashgan Maneechan Resort oteli bo‘ldi. U yerda bosh oshpaz bizga Pad Tay (tayliklarning sevimli taomi) tayyorlashni o‘rgatdi. 

Tay oshxonasi sirlarini kashf qilib, biz Sharqiy Tailanddagi eng chiroyli yo‘llardan biri - Chalerm Burapha Chonlathit Road'ni ko‘rish uchun Noen Nang Phaya manzarali maydoni tomon yurdik.

Navbatdagi manzilimiz mevasevarlar uchun haqiqiy topilmadir, bu - Rayong provinsiyasi. Biz yil bo‘yi sayyohlar uchun ochiq Suan Supattra Land eng yirik mevali bog‘ga bordik. Durian, mangostin, rambutan, salak – o‘zimiz ko‘rib, mazasini tatib ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan xilma-xil mevalarning bir qismi, xolos. 

Ekzotik mevalar mazasidan bahramand bo‘lib, G‘arbga - Chonburi provinsiyasi tomon harakatlandik. Sarguzashtimizning so‘nggi bosqichi Pattayya shahri bo‘ldi. U aksariyat sayyohlarga betashvish o‘yin-kulgi va shopping markazi sifatida yaxshi tanish. Biroq biz uni boshqa tomondan ham ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.

Biz Tailand va qo‘shni mamlakatlar (Hindiston, Xitoy, Laos, Kamboja)dagi diniy oqimlarni birlashtirish va tartibga solishga mo‘ljallangan Haqiqat ibodatxonasiga yo‘l oldik. Bu muhtasham ibodatxona temir va tik daraxtidan qurilgan, uning qurilishida birorta mix ishlatilmagan. 

Tailand bizni ana shunday go‘zallik va xilma-xillik bilan qarshi oldi. 

Mavzuga oid