O‘zbekiston | 12:13 / 27.08.2018
14672
5 daqiqa o‘qiladi

Qizilmiya plantatsiyalari uchun yer uchastkalari ajratib berishning umumiy shartlari ma'lum bo‘ldi

Foto: travniku.com

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida qishloq xo‘jaligi vazirining “Qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari hududidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda tayyorlangan takliflar asosida tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun qulay bo‘lgan yerlardan yer uchastkalari ajratib beriladi.

Tuman hokimining qarori bilan tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (komissiya raisi), tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, tegishli hudud bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi, Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasining vakili (komissiya kotibi)dan iborat tarkibda qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi.

Tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun qulay bo‘lgan hududlarda qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risida tuman yer resurslari va davlat kadastri organlari tomonidan yer tuzish loyihalari ishlab chiqiladi.

Qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun ishlab chiqilgan loyihalar qishloq xo‘jaligi xaritalarida aks ettirilib, unda loyiha raqami, yer uchastkasini o‘lchami, manzili, kontur raqami va boshqa omillar ko‘rsatiladi.

Ishlab chiqilgan loyihalar uch kun muddatda tumanda yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, tuman hokimining qarori bilan tasdiqlanadi.

Tuman hokimligi qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun ishlab chiqilgan loyihalarda qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish, unda ishtirok etish shartlari va uni o‘tkazish joyi to‘g‘risida mahalliy ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va tashkilotlari boshqaruvi (ma'muriyati) binolarida osib qo‘yilishini ta'minlaydi.

Qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish uni o‘tkazish e'lon qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida o‘tkazilishi kerak.

Qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olishda ishtirok etish huquqiga O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari va boshqa yuridik shaxslar ega. Bunda qizilmiya plantatsiyalari tashkil etilayotgan joyda doimiy yashovchi fuqarolar qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun yer uchastkasini olishda ustun huquqdan foydalanadilar.

Yetarli texnika, pul mablag‘lari va puxta ishlangan takliflarga ega bo‘lgan shaxslar bir necha loyihalarga tashabbuskor sifatida ishtirok etishlari mumkin.

Qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olishda ishtirok etish bo‘yicha arizaga loyiha tashabbuskorining biznes-rejasi ilova qilingan holda tuman hokimiga beriladi. Arizada loyihalari tashabbuskorining familiyasi, ismi va otasining ismi, uning turar joyi, ishtirok etayotgan loyiha raqami ko‘rsatiladi. Loyihalari tashabbuskorlarining arizasi maxsus daftarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olishda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish loyiha tashabbuskorlarini tanlab olish o‘tkazilishidan o‘n kun oldin to‘xtatiladi.

Tuman hokimi ariza kelib tushgan kundan bir kunlik muddatda arizani maxsus komissiyaga yuboradi. Agar maxsus komissiyaga yuborilgan ariza va hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, maxsus komissiya ariza bergan loyiha tashabbuskoriga ariza kelib tushgan kunning ertasidan kechiktirmay kamchiliklarni aniq ko‘rsatgan holda asoslantirilgan yozma xabar beradi. Maxsus komissiya kotibi loyiha tashabbuskoriga yuqori imkon beradigan barcha holatlarni tushuntirib, lozim bo‘lganda uning hujjatlaridagi kamchiliklarni ishchi tartibda bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Mavzuga oid