O‘zbekiston | 11:00 / 20.12.2018
7709
3 daqiqa o‘qiladi

Qizilmiya ekstraktini ishlab chiqaruvchilar - uyushma a'zolariga plantatsiyalar tashkil etish majburiyati yuklatildi

Foto: Pinterest

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash portalida Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi a'zolarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar muhokama qilinmoqda. Chora-tadbirlar o‘simliklardan farmatsevtika xom ashyosi ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan.
 
Norma’ning yozishicha, 2019 yil 1 yanvardan Uyushma a'zolari – qizilmiya ekstrakti ishlab chiqaruvchilarga 5 yil mobaynida, har yili kamida 100 gektar maydonda qizilmiya plantatsiyalarini majburiy tashkil etish talabini belgilash taklif etilmoqda.
 
Vazirlar Mahkamasining 27.01.2018 yildagi 63-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlarni manzilli qo‘llash rejalashtirilmoqda. Bunda 2024 yil 1 yanvargacha amal qiladigan soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek plantatsiyalar tashkil etish uchun ekish materiallarini tayyorlash (yig‘ish) uchun ruxsatnoma olish uchun to‘lovlarni kechiktirish haqida so‘z bormoqda. Mazkur imtiyoz va preferensiyalarni qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etayotgan yoki ushbu o‘simliklarni qayta ishlash va ulardan tayyor mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan Uyushma a'zolarigagina nisbatan qo‘llash taklif etilmoqda (hozir imtiyozlar qo‘llanishi uchun Uyushmaga a'zo bo‘lish majburiy talab qilib qo‘yilmaydi).   
 
Bundan tashqari, Uyushma a'zolariga qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish jarayonini samarali boshqarish, plantatsiyalarni nazorat va monitoring qilish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish va ulardan foydalanishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Tegishli apparatlarni olib kirish chog‘ida ularni bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) ozod qilish rejalashtirilmoqda. 
 
Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan quyidagilarni belgilash taklif etilmoqda:

• shirinmiyani xom ashyo ko‘rinishida mamlakat tashqarisiga olib chiqqanlik uchun to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish taqiqlanadi;
• qizilmiya xom ashyosi keyinchalik unga qayta ishlov berish uchun import qilinganda karantin ruxsatnomasini olish bo‘yicha talab bekor qilinadi;
• Uyushma a'zolari faqat o‘z ehtiyojlari, plantatsiyalarni tashkil etish hamda qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklardan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish uchun olib kiradigan tovarlarni sertifikatlashtirish talab etilmaydi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid