O‘zbekiston | 19:10 / 27.08.2018
162127
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident devonida jiddiy o‘zgarishlar: Davlat maslahatchilari Xayriddin Sultonov va Qahramon Quronboyev boshqa ishga o‘tkazildi

Bugun, 27 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, prezident devoni tuzilmasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berishi ma’lum bo‘ldi. 

«Kun.uz» manbasi ma’lumot berishicha, prezident devoni prezident adminstratsiyasi etib qayta tashkil etiladi va shu vaqtgacha prezident ijroiya apparati rahbari-maslahatchi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Zaynilobiddin Shahobiddinovich Nizomiddinov administratsiya rahbari bo‘ladi.

Endilikda davlat maslahatchisi instituti tugatilgan, davlat maslahatchilari prezident maslahatchilariga aylangan. 

Prezidentning yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev hamda Ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov boshqa ishga o‘tkazilgan. 

Quronboyev Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektor rahbari Abdujabbor Abduvohidovga o‘rinbosar bo‘lgan.

Xayriddin Sultonov boshqargan xizmatni ayni paytda Abdujabbor Abduvohidov boshqarib turadi.

Sultonov davlat rahbari spichrayteri (nutqlarini yozib beruvchi — tahr.) sifatida prezident ma’ruzalarini tayyorlashda davom etadi va prezident maslahatchisi hisoblanadi.

Boshqa sobiq davlat maslahatchilari Rustam Qosimov, Rustam Inoyatov (B. Mavlonov birinchi o‘rinbosari), Viktor Mahmudov (Xavfsizlik kengashi kotibi) hamda Tursinxon Xudeybergenov o‘z lavozimlariga qayta tayinlangan. Prezident devonining sobiq rahbari Zelimxon Haydarovning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Shuningdek, Ishlar boshqarmasi ham tugatilib, uning o‘rniga yangi boshqarma tuzilgan. Prezident ma’muriyati faoliyatini ma’muriyat rahbari muvofiqlashtirib boradi.

Mavzuga oid