O‘zbekiston | 17:07
14581
2 daqiqa o‘qiladi

Zaynilobiddin Nizomiddinov tuman hokimi bo‘ldi

Muqaddam Prezident administratsiyasi rahbari bo‘lgan Nizomiddinov oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Zaynilobiddin Shahobiddinovich Nizomiddinov Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda 7 aprel kuni Xalq deputatlari Bekobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada ishtirok etgan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev o‘z so‘zida tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga doir va kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masalalarga to‘xtalgan. Jumladan, xizmatlar, investitsiya, budjet tushumlarini ta’minlash borasida hudud bugun viloyatda eng oxirgi o‘rinlarda ekani ta’kidlangan.

2023 yil dekabridan buyon ushbu tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Shuhrat Do‘stbekov «yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari» uchun lavozimidan ozod etilgan.

Zoyir Mirzayev Bekobod tumani hokimi lavozimiga Zaynilobiddin Nizomiddinov nomzodini tavsiya qilgan va xalq deputatlari nomzodni hokimlikka tasdiqlagan.

Zaynilobiddin Nizomiddinov 2018–2022 yillarda Prezident administratsiyasiga rahbarlik qilgan. 2022 yil 8 iyun kuni u salomatligidagi muammo tufayli lavozimidan ozod etilgandi. Oradan bir oy o‘tib O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Mavzuga oid