Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil Madrimov noxush an'anani buzdi: bayroqdorimiz oltin medalni qo‘lga kirita oldi
Nufuzli musobaqada o‘z delegatsiyasi bayroqdori bo‘lish har bir sportchining orzusi va bu albatta katta sharaf hisoblanadi. Bunday vazifa har qanday sportchiga ham nasib etavermaydi. Ammo buning o‘ziga yarasha katta mas'uliyati, javobgarligi bor. Sen o‘z vataning bayroqdorimisan? Demak, yakunda eng yaxshi natijani ko‘rsata olishing kerak, deb yozmoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida ushbu sharafli vazifani to‘rt yil oldingi musobaqada kumush medal egasiga aylangan bokschi, Osiyo chempioni hisoblangan Isroil Madrimovga ishonib topshirgandi. Bu o‘z navbatida sportchi uchun kutilmagan holat bo‘lgandi: «Bu men uchun sharaf. Bayroqdor bo‘lishni har bir sportchi orzu qiladi. Men ham bu haqida orzu qilgandim. Biroq, bizda iste'dodli sportchilar juda ko‘p bo‘lgani sabab, men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. O‘zimga bildirilgan ishonchni oqlab, yakunda vatanimizga chempion sifatida qaytaman».
Bokschimiz musobaqa davomida juda ishonchli harakat qildi va finalgacha yetib bordi. Oltin medal uchun kurashda esa uni jiddiy raqib kutib turardi. Tasodifni qarangki, Abilxan Amankul Qozog‘iston sport delegatsiyasining bayroqdori edi. Hal qiluvchi jangda Isroil qo‘shnilarimizning eng ishongan sportchisini mag‘lub etdi va Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.

E'tiborlisi, ushbu oltin medal orqali Isroil O‘zbekiston bayroqdorlariga oid noxush an'anani buzishga muvaffaq bo‘ldi. 1994 yildan buyon Osiyo o‘yinlarida bayroqdor bo‘lgan sportchilarimiz yakunda oltin medalga ega chiqa olmagandilar. Isroil bu borada birinchi bo‘ldi. Umid qilamizki, bundan buyon bayroqdorlar Madrimov boshlab bergan ushbu an'anani davom ettiradilar.

Mavzuga oid
01:04 / 23.02.2025
Isroil Madrimov WBC Interim kamari uchun kechgan jangda mag‘lub bo‘ldi
18:48 / 12.02.2025
O‘zbekiston 26 yildan so‘ng qishki Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi
17:39 / 09.12.2024
Isroil Madrimov bilan Sergey Bogachuk jangi bekor qilindi
20:49 / 02.12.2024