Jahon | 22:40 / 04.09.2018
16632
2 daqiqa o‘qiladi

Singapur televideniyesida O‘zbekiston haqidagi ko‘rsatuv namoyish etildi

Skrinshot

Singapurning Vasantham milliy televizion kanalida O‘zbekiston Respublikasi 27 yilligi sharafiga mamlakatimiz tarixi, madaniyati, an'analari, milliy taomlari va turizm rivoji haqidagi ko‘rsatuv namoyish etildi. Silver Screen International Pte hamda O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi tomonidan tayyorlangan s'yomkalar 2018 yilning may oyida Rayil Sneham ("Do‘stlik poyezdi") loyihasi doirasida o‘tkazilgan. Unda Osiyo qit'asi bo‘ylab Singapurdan Yevropaga sayohat haqida so‘z yuritiladi.

Ko‘rsatuv orqali Singapur jamoatchiligi zamonaviy O‘zbekistonning rivoji, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, uning "Buyuk Ipak yo‘li" tizimidagi tutgan o‘rni va "Bir kamar, bir yo‘l" tashabbusi hamda O‘zbekistonda turizm rivoji haqida ma'lumotlar taqdim etildi.

Ko‘rsatuvda Toshkent shahri tarixi, uning 1966 yildagi zilziladan keyingi qurilishi, poytaxtning tarixiy qismi, "Hazrati Imom" majmuasi, "Chorsu" bozori, boy milliy oshxonasi, meva va sabzavotlari e'tirof etilgan.

Samarqandga sayohat davomida esa Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yagona tezyurar poyezd hisoblangan "Afrosiyob" poyezdlariga to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek 2750 yillik tarixga ega shaharning o‘tmishi va buguni, qadimiy obidalari, Amir Temur davridan boshlab madaniyat va savdo-sotiqning rivojlanishi haqida so‘z yuritilgan.

10 sentabr kuni Singapur milliy televideniyesida Samarqand haqidagi navbatdagi syujyet hamda Buxoro haqidagi ko‘rsatuv namoyish etilishi kutilmoqda.

 

Mavzuga oid