Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Shuhrat» medaliga sazovor nogiron qizning kelgusi taqdiri nima bo‘ladi?
Bugun Mirzacho‘l tumani markazi — Gagarin shaharchasiga borgan kishi uni tanimay qolishi aniq. «Obod qishloq» dasturi asosida ko‘chalar ravon, uy va inshootlar chiroyli qilinmoqda, yangi, zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylar qurilmoqda... Bu yerdagi ulkan bunyodkorlik ishlari kishini hayratga soladi.

Shaharchaning oltita mahallasi namunaviy tarzda obod etilmoqda. Shaharchaga kiraverishdagi «G‘alaba» mahallasidagi o‘zgarishlar, ayniqsa, e'tiborga sazovor. Shunday ishlar ayni damda «Mustaqillik» mahallasida ham olib borilyapti. 30 ta ko‘p qavatli uyning tomi va deraza romlari yangisiga almashtirilayapti. Ko‘p qavatli uylar oldidagi fuqarolar tomonidan barpo etilgan noqonuniy qurilmalar buzib tashlanmoqda. Aholiga turli qulayliklar yaratilmoqda.
Mazkur mahallaning «Farovon» ko‘chasi, 21-uyning birinchi qavatida joylashgan 13-xonadonida 7 yildan buyon bir o‘zi yolg‘iz yashab kelayotgan I guruh nogironi Feruza Qo‘ldoshevaning hayotida muammolar paydo bo‘la boshladi.

Bolalikdan nogiron — poliomiyelit tufayli to‘shakka mixlangan Feruza Qo‘ldosheva ko‘p yillik parvarishdan so‘ng qo‘ltiq tayoq, protez oyoq va nogironlik aravachasidan foydalanib, harakatlana oladigan bo‘ldi.
Dastur ijrosi doirasida bir xonali uyiga qo‘shimcha tarzda qurilgan xona noqonuniy qurilish sifatida buzildi. U xonada Feruza opa tikuvchilik qilar edi. I guruh nogironi bo‘lsa-da, ishi puxta, mohir tikuvchi sifatida atrofga tanilgan. 4 ta «Podolsk» tikuv mashinasiga ega bo‘lib, unda mahalla qiz-juvonlariga tikuvchilik sirlarini o‘rgatardi, shu vaqtgacha o‘zini-o‘zi moddiy ta'minlay olardi.
«Internatda menga tikuvchilikni o‘rgatishgan. Shu hunarim bor. Shu hunarimning ortidan ozmi-ko‘pmi daromad qilayotgan edim. Bilganlarimni boshqalarga ham o‘rgatib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan edik», — deydi F.Qo‘ldosheva.
Mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan unga «Shuhrat» medali berildi. Hayotidan mamnun, yurtboshidan minnatdor Feruzaning ko‘nglida yangi orzular bo‘y cho‘zdi. Eskirgan tikuv mashinalari o‘rniga 3 ta zamonaviy «Juita» mashinalarini sotib olishga kirishgan chog‘ida tikuvchilik ustaxonasidan ayrildi.

Feruzaning uyi bir xonali. U ko‘p ham tashqariga chiqmagani uchun mazkur uyni o‘zi uchun moslashtirgan. Pod'yezdan kirishdagi eshikni berkitib, dahlizda yuvinish xonasi va hojatxona qurilgan. Uyga kirish uchun yon tomondan eshik ochilgan. Ana shu eshik oldida bir paytlar uning tikuvchilik ustaxonasi bo‘lar edi. Hozir uning vayronalari qolgan, xolos.

Endi mutasaddilar yon tomondan ochilgan eshikni berkitib, uyning loyihasida belgilanganidek pod'yezddan eshik ochish kerakligini aytishmoqda.
Feruza pod'yezddan uyga kirib chiqishda qiynalishini, umuman o‘zi uchun yaratib olgan sharoitlariga putur yetishini aytmoqda. Chunki u qo‘shimcha daromadidan ayrilib bo‘ldi. Endi faqat davlat tomonidan beriladigan nafaqaga yashashga majbur. Unga kim yordam beradi?
Uning bu borada tuman va viloyat mas'ul mutasaddilariga qilgan murojaatlari javobsiz qolib ketmoqda.
Biz Mirzacho‘l tuman hokimligida bo‘lib, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Quljonovadan mazkur vaziyat bo‘yicha fikrlarini bildik.

Farida Quljonova ikki marta Feruzaning uyiga borib, uni topa olmay kelganini, ikki kun avval telefonda gaplashganini, vaziyatdan xabari borligini aytib o‘tdi.
Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Feruza Qo‘ldoshevaga tuman hokimligi tomonidan barcha yordam ko‘rsatilishini aytib o‘tdi. Tuman hokimining ham bundan xabari borligi. Mustaqillik bayrami tantanalari o‘tib olgach, shu kunlarda «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha mahallalar topshirilgach, albatta masala bo‘yicha ijobiy tomonga yechim topilishi va bundan bizni xabardor qilishni va'da qildi.
Rivojlangan xorijiy davlatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatning ardog‘ida bo‘ladi. Ularga barcha qulayliklar, imtiyozlar birinchi navbatda yaratib beriladi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning ham olib borayotgan islohotlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga e'tiborni kuchaytirish, ularni jamiyatning to‘laqonli shaxslariga aylantirish muhim o‘rin tutadi.
Barchamiz, ko‘ryapmiz, o‘qiyapmiz, guvoh bo‘layapmiz, nogironligi bo‘lgan shaxslar uyda ish bilan ta'minlanayapti. Feruzaning o‘z tashabbusi bilan amalga oshirgan ishlaridan mosuvo bo‘lgani biroz achinarli, albatta.
«Menda sevgan ishim, ertangi kunga ishonch bor edi. Endi nima qilishni bilmay boshim qotib qoldi, qo‘limdan hech narsa kelmaydi, noilojman», — dedi F.Qo‘ldosheva.
Noqonuniy inshootlar buzilgach, Feruza istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uy va qo‘shni uy orasida ancha bo‘sh maydon hosil bo‘lmoqda. Tuman hokimligi mana shu joydan tikuvchilik ustaxonasi uchun bir nogiron qizga yer maydoni ajratishsa, uni zamon talablariga mos keladigan loyiha asosida tiklash uchun homiylar biriktirilsa muammoga juda chiroyli yechim topilgan bo‘lar edi nazarimda.
Zero, ilojsiz qolgan bir ko‘ngli o‘ksik qizning ko‘nglini ko‘tarish, barchaning, ayniqsa tuman rahbarlarining birinchi galdagi vazifasi bo‘lmog‘i kerak.
Sh.Shokirjonov, M.Saparova
Mavzuga oid
19:24 / 25.01.2021
Mirzacho‘lda aholi e'tiroziga sabab bo‘lgan ammofos ishlab chiqarish korxonasini ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi
20:06 / 21.01.2021
Mirzacho‘ldagi kimyoviy o‘g‘it sexi uchun ekoekspertiza xulosasi olinmagan - Ekologiya boshqarmasi
15:04 / 17.04.2019
Forishda 80 bosh qoramol va 64 bosh ot o‘g‘irlagan shaxs ushlandi
15:21 / 27.01.2019