Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston «Egmont» moliyaviy razvedka bo‘linmalari guruhi bilan faoliyatni kengaytiradi
“Egmont” moliyaviy razvedka bo‘linmalari guruhining faoliyatida ishtirok etish doirasida O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlarini ta'minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti “Egmont” moliyaviy razvedka bo‘linmalari guruhining faoliyatida ishtirok etish doirasida O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari ta'minlanishi uchun mas'ul maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Qaror bilan tegishli vazirlik hamda idoralar Departamentni “Egmont” guruhi faoliyatida ishtirok etish doirasidagi majburiyatlarni bajarishi uchun zarur ma'lumotlar bilan ta'minlaydi.
Shuningdek, Departamentga amaliy maqsadga muvofiqlikdan kelib chiqib, tegishli vazirlik hamda idoralar rahbarlari bilan kelishgan holda mazkur guruh doirasida o‘tkaziladigan yalpi majlislar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston delegatsiyalarini shakllantirishda ularning vakillari ekspertlar sifatida jalb qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, “Egmont” guruhi — moliyaviy razvedka bo‘linmalari xalqaro tashkiloti bo‘lib, dunyoning 130dan ortiq moliyaviy razvedkalarini birlashtiradi.