Jamiyat | 23:07 / 07.09.2018
63029
3 daqiqa o‘qiladi

TIVga murojaat: «Bangkokda bizni sababsiz ushlab turishibdi»

5 sentabr kuni HY 533 reysi bilan Bangkokka sayohat qilish maqsadida uchib borgan 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi aeroport xodimlari tomonidan Tailandga kiritilmagan. Kun.uz tahririyatiga yuborilgan murojaatda aytilishicha, Tailand immigratsiya politsiyasi ofitserlari ularning bir haftadan so‘ng O‘zbekistonga qaytishlari mumkinligini ma'lum qilgan.

«Bizning barcha hujjatlarimiz joyida, sayohat qilish uchun pulimiz yetarli. Shunday bo‘lsada, bizni shaharga kiritishmadi va qandaydir xonaga qamab qo‘yishdi» – deydi o‘z shaxsining sir qolishini istagan murojaatchilardan biri.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik sayyohlardan tashqari yana Shotlandiya, Ispaniya, Hindiston kabi davlatlarning fuqarolari ham shubha ostida qolgan va ular maxsus xonada hamon saqlab turilmoqda.

«Nima sababdan bunday holat yuzaga kelganini ma'lum qilishmadi. Vaziyatga konsullik yoki elchixona xodimlarining o‘zlari oydinlik kiritishlari ta'kidlandi. O‘zbekistonning Bangkokdagi elchixonasi bilan bog‘landik. Lekin ular ham yordam bera olmasliklarini aytishmoqda. Iltimos, hurmatli Tashqi ishlar vazirligi xodimlari, bizga yordam bering. Bir hafta davomida qamoqxonaga o‘xshash zax xonada yotishni istamaymiz» – deyiladi videomurojaatda.

Ma'lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, O‘zbekiston Respublikasining elchixonasi to‘g‘risidagi Nizomning 6-bandida elchixonaning asosiy vazifa va funksiyalari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unga ko‘ra elchixona joylashgan davlatda O‘zbekiston Respublikasi va uning fuqarolari manfaatlarini xalqaro huquq yo‘l qo‘ygan doiralarda himoya qilishi lozim.

Shuningdek, ushbu bandda elchixona joylashgan davlatdagi shart-sharoitlar va voqealarni barcha qonuniy vositalar bilan aniqlashtirishi joizligi ham ta'kidlab o‘tilgan.

So‘nggi vaqtlarda Tashqi ishlar vazirligi xorijda O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq ravishda ro‘y berayotgan turli hodisalar haqida tezda rasmiy bildirish berayotgani quvonarli hol. Qolaversa, hamyurtlarimizning manfaatlarini himoya qilish uchun tegishli amaliy choralar ko‘rilayotganini ham e'tirof etish lozim. Shunday ekan, ayni kunlarda Tailandda ushlab turilgan o‘zbekistonlik sayyohlar borasida ham rasmiy ma'lumot orqali vaziyatga oydinlik kiritilishi, xalqaro huquq normalari doirasida to‘rt nafar hamyurtimizning huquqlarini himoya qilishda yordam ko‘rsatilishini kutib qolamiz.

Mavzuga oid