Jahon | 00:06 / 08.09.2018
5151
2 daqiqa o‘qiladi

Nikaraguani navbatdagi norozilik namoyishlari qamrab oldi

Foto: Fotolia / carles

7 sentabrda Nikaraguada hukumatning harakatlaridan norozilik sifatida milliy ish tashlash bo‘lib o‘tdi.

Prensa portalining ma'lum qilishicha, ish tashlash mahalliy vaqt bilan yarimtunda boshlanib, bir kun davom etadi. Hukumatga qo‘yilgan asosiy talablar siyosiy mahbuslarni ozod qilish, hukumat tomonidan qatag‘onlarning to‘xtatilishi va inqirozni yengib o‘tish uchun milliy muloqotni tiklashdan iborat.  

Mamlakatda iyul o‘rtalarida shunga o‘xshash norozilik tadbiri bo‘lib o‘tgandi. Ilk ish tashlash esa 14 iyunda o‘tgan. 

Nikaraguada hukumatga qarshi noroziliklar aprelda hukumat taklif qilgan islohot sababli boshlangan. Unda ish beruvchilar va ishchilarning ijtimoiy sug‘urtalash jamg‘armalariga to‘lovlari qiymatini oshirish taklif etilgan. Mamlakat prezidenti Daniel Ortega ushbu islohotni bekor qilgan, biroq noroziliklar to‘xtamagan. Ortega muxolifat talab qilayotgandek muddatdan avval saylovlar o‘tkazishni rad etmoqda va bo‘lib o‘tayotgan voqealarni mamlakatga qarshi fitna deb atamoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, noroziliklar davomida halok bo‘lganlar soni 481 kishigacha yetgan. 

Mavzuga oid