Sport | 17:32 / 10.09.2018
12254
3 daqiqa o‘qiladi

Karlos Keyrush O‘FA bilan muzokaralar haqidagi savolga javob berishni istamadi

11 sentabr kuni Toshkentda Eron milliy terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Anjuman davomida Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrushdan u va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘rtasidagi muzokaralar bo‘yicha so‘raldi. Ammo portugaliyalik murabbiy bu savol o‘ta shaxsiyligi uchun unga javob berishni istamadi.

«Bu shaxsiy savol. Men esa shaxsiy hayotimdagi voqealarni matbuotga oshkor qilaverishni istamayman. Muzokaralar bo‘lganmi, yo‘qmi, buni aytmayman. Lekin bir fikrni oshkor qilishim mumkin, O‘zbekiston Ektor Kuperni olib kelib juda ham to‘g‘ri qaror qabul qildi.

Erondan boshqa jamoalar bilan o‘yinda o‘zbekistonliklarga omad tilayman.

Biz Eron futbol federatsiyasi bilan yangi shartnoma tuzganimiz yo‘q. Biz federatsiya bilan haqiqiy erkaklar kabi kelishuvga erishganmiz. Buni qog‘ozdagina rasmiylashtirish qolgan», deya Keyrushning so‘zlarini keltirmoqda «Tribuna» muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil sentabrida Samvel Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan iste'foga chiqarilgach, 2018 yil avgustigacha terma jamoa bosh murabbiysiz qoldi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bu lavozim uchun ko‘plab nomzodlarni ko‘rib chiqdi. OAVda eng ko‘p tilga olingan nom 2011 yildan buyon Eronni boshqarib kelayotgan Karlush Keyrush bo‘ldi. Shu yilning yanvarida Karlush Keyrush bilan muzokara o‘tkazilayotgani to‘g‘risida dastlabki xabarlar tarqalgandi. Fevralda esa muzokaralar ijobiy yakunlangani va tomonlar kelishuvga erishgani xabar qilindi. May oyida esa Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov terma jamoaga terma jamoasi bilan jahon chempionatida ishtirok etadigan mutaxassis murabbiy bo‘lishi, yangi murabbiy jahon chempionatidan keyin tanishtirilishi haqida aytdi. Jahon chempionati yakunlanganidan bir oy vaqt o‘tib, turnirga Eron terma jamoasini boshlab borgan Karlush Keyrush esa, Misr terma jamoasi bilan ishlagan Ektor Kuper O‘zbekiston MTJning yangi murabbiyi bo‘lishi ma'lum bo‘ldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid