Jahon | 21:35 / 12.09.2018
4188
2 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy Yevropa aholisining vegetarianlikka o‘tishi suv xarajatlarini 50 foizga qisqartiradi

Foto: Oleg Sabitov

G‘arbiy Yevropa aholisining ratsionga kamdan-kam holatlardagina go‘shtni qo‘shishni ko‘zda tutuvchi sog‘lom ovqatlanish tizimiga o‘tishi suv xarajatlarini 11-35 foizga qisqartirish imkonini beradi. Agar mintaqa aholisi vegetarianlikka o‘tsa, iste'mol qilinayotgan suv hajmi 55 foizga kamayar ekan. Nature Sustainability jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalari shundan dalolat bermoqda. 

Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bir britaniyalikka ovqat tayyorlash uchun kuniga 2757 l suv talab qilinadi. Germaniya va Fransiyada bu ko‘rsatkich balandroq - 2929 va 3861 l. Olimlar bunday farqni ushbu mamlakatlar aholisining ovqatlanishga doir odatlari farqlanishi bilan izohlashmoqda. Masalan, fransuzlar ko‘proq go‘sht iste'mol qilib, vino ichishadi - bu mahsulotlarni ishlab chiqarishga esa juda ko‘p suv sarflanadi. 

Ushbu hisob-kitoblar asosida tadqiqotchilar bu mamlakatlar aholisining go‘sht iste'molidan to‘liq yo qisman voz kechgan taqdirda, atrof-muhitga ehtimoliy ta'sir natijalariga doir prognoz qilishdi. 

Agar nemislar, fransuzlar va britaniyaliklar sog‘lom ovqatlanishga o‘tishsa (Jahon sog‘liqni saqlash tavsiyasi asosida tuzilgan ratsionga binoan), suv iste'moli 11-35 foizga qisqaradi. Agar yevropaliklar pesketarian parhezni tanlashsa, ya'ni go‘sht iste'molini baliqqa almashtirishsa, taom tayyorlashga 30-35 foiz kamroq suv sarflanadi, agar vegetarian bo‘lishsa, 55 foizga kamroq. 

Olimlarning ta'kidlashicha, yevropaliklarning ovqatlanish bilan bog‘liq odatlarini nosog‘lom deyish mumkin, zero ularning ratsionida meva va sabzavotlar kam. Odatlarni o‘zgartirish esa oson kechmaydi. Tadqiqotchilar muammo yechimi sifatida nosog‘lom yegulikka  soliq kiritishni taklif qilishmoqda.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid